“Mening yo'lim” loyihasi uchun 320 millard so'm ajratish rejalashtirilgan

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan o'tkazilgan matbuot anjumanida “Ochiq byudjet” axborot portali orqali ovoz berish tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi mexanizm ishga tushirilgani to'g'risida axborot berildi.

    Endilikda fuqarolar “Telegram” ijtimoiy tarmog'i orqali vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan rasmiy “Openbudgetuz” maxsus botini aktivlashtirish orqali ro'yxatdan istalgan hududni (viloyat/shahar) va tuman yoki shahar tanlash orqali barcha loyihalar ro'yxati bilan tanishish va shu bilan birga istalgan loyihalarga ovoz berish imkoniyatiga ega bo'lishadi.

    2023 yil 9 fevral holatiga Fuqarolar tashabbusi jamg'armalarida 899 mlrd so'm mablag' shakllangan.

    Umuman olganda jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflarni moliyalashtirish uchun 2023 yilda byudjetdan jami 8 trln so'm mablag'lar yo'naltirilishi mo'ljallangan. Shundan:

    — “Tashabbusli byudjet” jarayonlari uchun 2 trln so'm;

    — “Mening yo'lim” loyihasi doirasida 320 mlrd so'm;

    — “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirish uchun 4 trln so'm ajratish rejalashtirilgan.