“Meros” filmi yana ikkita xalqaro sovrinni qoʻlga kiritdi

    “Eng yaxshi xorijiy film” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib boʻldi

    Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Meros” filmi joriy oy Singapurda oʻtkazilgan “Singapore International Film Festival-2022” va Hindistonda oʻtkazilgan “Oltin tulpor” (“Golden Horse Film Festival”) xalqaro kinofestivallarida “Eng yaxshi xorijiy film” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib boʻldi.

    Badiiy film oʻzbek va qozoq xalqlarining abadiy doʻstligi, anʼanalari haqida hikoya qiladi. Ssenariy muallifi va rejissyor Hilol Nasimov, postanovkachi operator Husan Aliyev, kompozitor Dmitriy Yanov-Yanovskiy, postanovkachi rassom Fazliddin Turdiyev.

    Mazkur film Peru va Hindiston davlatlarida oʻtkazilgan xalqaro kinofestivalda qatnashib, “Yilning eng yaxshi xorijiy filmi” nominatsiyasida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Shuningdek, may oyida Rossiyada boʻlib oʻtgan “Zolotoy Vityaz” kinoforumida “Qozoq va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi anʼana va munosabatlarning umumiyligi mavzusini ochib bergani uchun” maxsus diplom bilan taqdirlangan.

    Maʼlumot uchun, yaqin kunlarda “Meros” filmi Rossiyaning Qozon shahrida boʻlib oʻtadigan Xalqaro kinofestivalning tanlovdan tashqari dasturida namoyish etilishi rejalashtirilgan.

    Kinematografiya agentligi Axborot xizmati