Metan zapravkalar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bugundan bosqichma-bosqich olib tashlanadi

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxoʻjayev maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, tabiiy gaz hajmi meʼyoriy sxemaga yaqinlashyapti. Biroq sovuq ob-havo tufayli gaz bosimining pasaygani meʼyoriy sxemaning toʻliq tiklanishini kechiktirmoqda.

    Magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketishi oqibatlarini bartaraf etish, respublika isteʼmolchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda taʼminlashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida bir qator zarur choralar koʻrilmoqda.

    Xususan, gaz bosimining kamayganini inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida mamlakatimizdagi barcha metan zapravkalar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bugundan mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, avvaldan belgilangan reja-grafik asosida bosqichma-bosqich olib tashlanmoqda.

    Metan zapravkalar bilan bogʻliq vaziyat haqida kun davomida mahalliy hokimliklar axborot resurslarida, shuningdek, “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati va Energetika vazirligining rasmiy axborot manbalari orqali xabar qilib boriladi.