Metan zapravkalar faoliyatiga qoʻyilgan cheklovlar bosqichma-bosqich olib tashlanadi — Energetika vazirligi

    Mart oyining dastlabki kunlarida mamlakatimizda havo harorati keskin tushib, tabiiy gaz isteʼmolining ortishi va gaz quvurlarida bosimning pasayishiga sabab boʻldi.

    Energetika vazirligining maʼlum qilishicha, havo harorati keskin tushib, tabiiy gaz isteʼmolining ortishi sabab birinchi navbatda aholi hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan taʼminlashga ustuvorlik qaratilgan va avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari faoliyati vaqtinchalik toʻxtatilgan.

    Oʻtgan kunlar mobaynida olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida quvurlarda gaz bosimi normallashtirildi. Bu esa metan zapravkalar ish faoliyatini tiklash imkonini yaratdi.

    Vazirlikning qoʻshimcha qilishicha, shu yilning 6-mart kuni soat 09:00 dan eʼtiboran barcha hududlarda metan zapravkalar faoliyati bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi.