Toshkent metropolitenining navbatdagi bosqichi ishga tushishi bilan uning jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod boʻladi, bekatlar soni 50 taga yetadi
Soʻnggi yillarda poytaxtimiz aholisi uchun jamoat transportini tubdan rivojlantirish va xalqaro talablarga mos tizimni yaratishga katta ahamiyat qaratilyapti. Ayniqsa, yer osti va yer usti metropoliteni yoʻnalishilarini qurish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilyapti.
Prezidentimizning 2017-yil 19-mayda “Toshkent shahrida yer usti metro liniyalarining qurilishi” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzolagan edi. Mazkur hujjt asosida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati bunyodkorlari tomonidan 2020-yilda, mustaqillik ayyomi arafasida uzunligi 2,9 kilometr boʻlgan “Turkiston” va “Yunusobod” yer osti metro bekatlari hamda 11,5 kilometr boʻlgan “Doʻstlik — Qoʻyliq” yer usti liniyasi bunyod etilib, jami 7 ta bekat foydalanishga topshirildi.
Avvalgi yil oxirida esa 5 ta bekatdan iborat Sergeli yer usti yoʻnalishi ham qurib bitkazildi. Bugungi kunda u har kuni 46 ming yoʻlovchining manzilini yaqin qilyapti. Davlatimiz rahbarining qaroriga koʻra, Toshkent halqa yer usti metropoliteni liniyasining umumiy uzunligi 54,8 kilometrni tashkil etadi.
— Ana shu vaqtda poytaxtimizdagi yer usti metro liniyasi 2-bosqichining 15 kilometrlik “Qoʻyliq — Qipchoq — Yangi hayot” yoʻnalishini barpo etish ishlari boshlangan edi, — deydi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining bosh menejer - bosh muhandisi Zafar Maxamatov. — Mazkur hududlardagi qurilish ishlari “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining “Koʻprikqurilish” tresti unitar korxonasi bunyodkorlari tomonidan olib borilyapti.
Toshkent halqa yer usti metro yoʻlining mazkur bosqichi Qoʻyliq bozoridan boshlanib, Mirobod va Sergeli tumanlari hududidagi Katta halqa yoʻli, Zangiota tumanidagi Xonobod hamda Sergeli tumanining Qipchoq koʻchalaridan oʻtib, Sergeli liniyasining 5-bekatiga ulanadi. Ushbu yoʻnalishda 7 ta bekat qurilishi rejalashtirilgan. Shu oʻrinda qayd etish joiz, uning oxirgi bekati Yangihayot tumanidagi koʻp tarmoqli kasalxona, Toshkent metallurgiya zavodi hamda tez orada barpo etiladigan va kelgusida 60 ming kishi istiqomat qilishi koʻzda tutilgan mega loyiha – “Minerva sity”ga yaqin yerda joylashadi. Bu, oʻz navbatida, bu yerda yashovchi va tashrif buyuruvchilar uchun ham tezkor, qulay va arzon transport turidan foydalanish imkonini beradi. Mazkur yoʻnalish bir kunda 40 mingga yaqin yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega boʻladi.
Prezidentimiz 6-iyun kuni Toshkent yer usti halqa metrosining ikkinchi bosqichi qurilishini borib koʻrdi va amalga oshirilayotgan ishlarning sifatini koʻzdan kechirdi.
– Yer usti metrosi qurish tajribamizda yoʻq edi. Biz yangi tarix yaratayapmiz. Shuning uchun yoʻlning mustahkamligini yana bir marta jiddiy koʻrib chiqish kerak. Ikkinchidan, metroda, bekatlarda odamlar uchun zamonaviy, elektron xizmatlarni koʻpaytirish zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Bugungi kunda loyihaning 2-bosqichida 11,62 kilometrlik “Qoʻyliq – Sergeli” uchastkasida qurilish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Jumladan, loyiha boʻyicha shu kunga qadar 2 ming 418 ta temir-beton balkadan 1 ming 81 tasi, 405 ta temir-beton koʻndalang ustundan 217 tasi, 405 ta temir-beton rigeldan 208 tasi, 405 ta 1 yarusli temir-beton asosdan 221tasi, ana shunday 405 ta 2 yaruslisiddan 220 tasi hamda 405 ta xandaq (kotlovan)dan 232 tasidagi ishlari bajarildi.
— Yer usti metro yoʻnalishining birinchi bosqichi boʻlgan Doʻstlik – Qoʻyliq yoʻnalishida bozor hududidagi 7- bekat uning soʻnggi manzili hisoblanadi, — deydi Zafar Maxamatov. — Ayni paytda Toshkent halqa avtomobil yoʻli boʻylab qurilayotgan 2-bosqichda 8-,9-,10-bekatlar oraligʻida poydevor, ustun hamda rigellar va ularga 26,6 metrlik balkalar oʻrnatib boʻlindi.
Bekatlarda esa qurilish yumushlari davom etmoqda. Xususan, 8-bekatning birinchi qavatida soʻnggi pardozlash ishlari bajarilmoqda. Bino devorlari har qanday ob-havoga chidamli, mustahkam kafel hamda marmar bilan qoplanyapti. Uning ichi milliy dizayn asosida bezatilib, yoʻlaklariga ham koʻrkam va oʻta chidamli marmar yotqizilyapti.. Stansiyaning 2-qavatdagi perron qismida ham tez orada pardozlashga oʻtiladi.
9- va 10-bekatda ham asosiy qurilish ishlari tugatilib, binoning 1-pardozlash, elektr, santexnika va aloqa tizimini montaj qilinmoqda. 11- bekatda hovlilar koʻchirilayotgan boʻlsa, 12-bekatda gʻisht terishga kirishildi. Temiryoʻlchilarimiz loyihaning eng murakkab qismi sanalgan Toshkent halqa avtomobil yoʻlining Xonobod koʻchasiga tutashgan joyida monolit usuldagi estakadani barpo etyapti. Bundan tashqari, shu koʻchaning oʻzidan oʻtadigan yer usti metrosining poydevor, ustun va rigellarni oʻrnatish ishlari deyarlik yakuniga yetgan boʻlsa, Qipchoq koʻchasida ham poydevorlar qazilib, ustunlar oʻrnatilmoqda.
Yana bir ahamiyatli jihati, Qoʻyliq bozoridan Toshkent halqa yoʻli boʻylab qurilgan metro yoʻnalishining 8-, 9- va 10-bekatlari oraligʻida estakada shaklidagi qurilishning temir-beton ishlari yakuniga yetib qolgani bois “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining Yoʻl xoʻjaligi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan relslarni yotqvizishni boshlab yubordi. Shu paytga qadar bu va boshqa bekatlar oraligʻiga oʻrnatiilgan poʻlat izlar masofasi 3,5 kilometrdan oshdi.
Toshkent yer usti halqa metro yoʻnalishining 2-bosqichida amalga oshirilayotgan qurilish ishlariga 155 ta texnika, mashina va mexanizmlar hamda 850 nafarga yaqin malakali muhandis va ishchi-xodim jalb qilingan. Ishchi-quruvchilar kuniga uch mahal issiq ovqat bilan taʼminlangan. Ularning mehnat muhofazasiga qatʼiy amal qilgan holda faoliyat koʻrsatishi nazoratga olingan. Qurilish obyektiga zarur qurilish mahsulotlari ham oʻz vaqtida yetkazib berilmoqda.
Yer usti metrosini qurilishi jarayonida bajarilayotgan ishlarning sifati boʻyicha Davlat arxitektura va qurilishi nazorati inspeksiyasi hamda “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi tomonidan muntazam nazorat olib borilmoqda.
Muxtasar aytganda, Toshkent metropolitenining navbatdagi bosqichi ishga tushishi bilan uning jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod, bekatlar soni 50 ta boʻladi.
Rustam HAYDAROV,
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati
Axborot-tahliliy media markazi mutaxassisi
Abdurauf QORJOVOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri