Ammo issiqni issiq, sovuqni sovuq demay ishlasangu maoshdan darak boʻlmasachi?
“Olot neft va gaz qidiruv ekspeditsiyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ishchi-xodimlari ana shunday muammoga duch keldilar. Bir emas, bir necha oy davomida maosh ololmay qiynalib qolishdi. Bunday holda odamning oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashi mumkinmi?!
Ish oxir-oqibat sudgacha yetib bordi.
— Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda koʻrsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egaligi koʻrsatilgan, — deydi Majburiy ijro byurosi Olot tuman boʻlimi davlat ijrochisi Anvar Yoʻldoshev. — Mehnat kodeksiga koʻra, ish beruvchi oʻzining moliyaviy holatidan qatʼi nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan shartlarga muvofiq, koʻrsatilgan muddatda toʻlashi shart.
Bu haqda toʻxtalishimiz bejiz emas. Boʻlimimiz ish yurituviga fuqarolik ishlari boʻyicha Qorakoʻl tumanlararo sudining tegishli ijro hujjati kelib tushdi. Unda qarzdor “Olot neft va gaz qidiruv ekspeditsiyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan 690 nafar ishchi-xodimning 4 milliard 52 million 426 ming soʻm miqdoridagi ish haqini undirish haqida soʻz boradi. Majburiy ijro harakatlari davomida ishchi-xodimlarning mehnat huquqlari tiklanib, ularga maoshlar toʻliq undirib berildi.
Istam Ibrohimov