Toshkent viloyatida MIB, soliq, bojxona xodimlari pora bilan qoʻlga tushdi — DXX

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda MIB, soliq, bojxona xodimlari pora bilan ushlandi.

    Qayd etilishicha, Majburiy ijro byurosining Qibray tuman boʻlimi davlat ijrochisi fuqaroning kredit qarzdorligi sababli xatlovga olingan mol-mulkini auksion savdolarga chiqarmaslik hamda unga nisbatan oʻzining ish yurituvida boʻlgan ijro ishini tugatib berish evaziga 5 ming AQSH dollari talab qilib, muqaddam 2 ming AQSH dollari oladi.

    Lekin, davlat ijrochisi qolgan 3 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda davlat ijrochisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Zangiota tumanida kuzatilgan holatda, tuman soliq inspeksiyasining shoʻba boshligʻi vazifasini bajaruvchi shaxs qurilish mollari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan oilaviy korxonaning faoliyatiga rahnamolik qilish va 1-yil davomida tekshiruv oʻtkazmaslik evaziga 1200 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

    Keyingi holatda esa Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Yallama” chegara bojxona posti inspektor-surishtiruvchisi taqiqlangan tovarlarni tadbirkor tomonidan mamlakatimizga olib kirish boʻyicha sodir etilgan huquqbuzarlikni sudda koʻrib chiqilishi jarayonida mansabdor tanishlari orqali unga yengillik yaratib berish va ushbu tovarlarni Oʻzbekistondan qaytarib olib chiqib ketishida yordam berish evaziga 1000 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida bojxona inspektori mazkur masalada koʻmaklashish uchun muqaddam 300 AQSH dollari olganligi ham maʼlum boʻldi.

    Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.