Ochilish marosimida so'zga chiqqanlar iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, davlat boshqaruvi tizimida sun'iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanishning bugungi kundagi ahamiyati haqida to'xtalib o'tishdi.

Shundan so'ng, raqamli dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish bo'yicha tadqiqot olib borayotgan kafedra ilmiy izlanuvchilari tomonidan amalga oshirilgan tadqiqot va innovatsion loyihalar taqdimoti bo'lib o'tdi. Laboratoriyada professor-o'qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar va talabalar bevosita “Microsoft” kompaniyasi dasturlaridan foydalanish imkoniga ega bo'ladi. Shuning bilan birga, su'niy intelekt sohasida nazariy va amaliy bilimlarini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlar sifati va mazmunini oshirishga erishadilar.

Bugungi kunda universitetning 31 ta kafedrasi huzurida jami 18 ta ilmiy-tadqiqot markazi va loboratoriya faoliyati yo'lga qo'yildi. Ularda fundamental ta'limotlarni yaratish va takomillashtirish, ilmiy-tadqiqotlar va ulardan olingan yangiliklarni patentlash hamda amaliyotga tatbiq qilish, startap loyihalari hamda dasturlar ishlab chiqish, biznes treninglar, mahorat darslarini tashkil etish orqali iqtisodchi kadrlar nafaqat nazariy, balki amaliy ko'nikmalarga ham ega bo'lmoqda.

Ma'lumki, zamonaviy sun'iy intellekt turli amallarni bajarishga mo'ljallangan algoritm va dasturiy tizimlardan iborat bo'lib, inson ongi bajarishi mumkin bo'lgan bir qancha vazifalarni axborot bazasiga kiritilgan ma'lumotlar asosida amalga oshiradi. Shuningdek, sun'iy intellekt murakkab tahlillar va katta ma'lumotlar bilan ishlovchi dasturlarni o'z ichiga olib, mantiqli izchil mulohaza qilish hamda tavsiya berish qobiliyatiga ega “aqlli” texnologiya hisoblanadi. Mutaxassislar tomonidan sun'iy intellektga to'rtinchi sanoat inqilobining asosi sifatida qaralmoqda.

Tadbirning ikkinchi qismida “Microsoft” (Daniya) kompaniyasining “Sun'iy intellekt arxitekturasi” departamenti boshlig'i Umid Ahmedov tomonidan ushbu mavzu bo'yicha mahorat darsi tashkil etildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Microsoft” kompaniyasi bilan “Sun'iy intellekt” va “Big Data” bo'yicha talabalar uchun doimiy onlayn kurslarni tashkil etish bo'yicha kelishuv amalga oshirilayapti. Shuningdek, sun'iy intellekt va uni qo'llash texnologiyalari asosida o'qitish bo'yicha kiritilayotgan o'quv fanlari o'rganilib, xorijiy ekspert sifatida “Microsoft” kompaniyasining “Sun'iy intellekt arxitekturasi” departamenti boshlig'i Umid Axmedov jalb etildi.

Qolaversa, “Microsoft” kompaniyasining O'zbekistondagi vakolatli organi bilan aloqalarni mustahkamlash va bu orqali Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari kafedrasi qoshidagi “Raqamli transformatsiya” o'quv-ilmiy laboratoriyasi uchun litsenziya olish borasida muzokaralar olib borilayapti. Buning natijasida sertifikatga ega bo'lgan tinglovchilar xalqaro mehnat bozorida faoliyat olib borish imkoniyatini qo'lga kiritadilar.