Unda mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining migratsiya sohasida mavjud masalalarni kompleks oʻrganish, muammolarni bartaraf etish hamda sohani yanada tartibga solish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan axborotlari eshitildi.
Oʻzbekistonning Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) bilan hamkorlik aloqalarini faollashtirish, rivojlangan va yetakchi xorijiy mamlakatlarning rekruting tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari bilan hamkorlikni jadallashtirish nazarda tutilgani aytib oʻtildi.
Shuningdek, jabrlanuvchilarning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, norasmiy migratsiyaga ketayotgan fuqarolar sonini keskin kamaytirish va kasb-hunarga oʻqitish markazlari faoliyatini tartibga solish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, majlisda “yoʻl-xaritasi”ning oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishida tizimli muammo va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani ham aytib oʻtildi.
Xususan, migratsiya sohasida xususiy konsalting agentliklari va kasb-hunarga oʻqitish markazlari faoliyatini tartibga solish uchun huquqiy-normativ hujjatlarni takomillashtirish, odam savdosiga qarshi kurashish va noqonuniy migratsiyaning oldini olish zarurligi bilan bogʻliq kamchiliklar sanab oʻtildi.
Ustuvor yoʻnalishlarda belgilangan maqsad va vazifalarni lozim darajada amalga oshirish uchun mamlakatimizning xorijiy hamkor davlatlar bilan migratsiya sohasida hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirish zarurligi qayd etildi.
Majlis yakunida Senat aʼzolari tomonidan sohada mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi va Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.