Migren, klaster sefalgiya, zoʻriqish...

    Salomatlik 6 Aprel 2021 5280

    Bosh ogʻrigʻining necha turi mavjud? Nevrologiyaning dolzarb masalalari, asab kasalliklarining oldini olish borasidagi savollarga tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Gʻofurov javob berdi.

    — Koʻpchilik bosh ogʻrigʻidan shikoyat qiladi. Ammo buning sabablari turlicha boʻlib chiqadi. Umuman bosh ogʻrigʻi qanday kasalliklarning alomati boʻlishi mumkin?

    — Bosh ogʻrigʻining 13 guruhga mansub turi mavjud. Ularning ichida eng koʻp uchraydigani migren, klaster sefalgiya va zoʻriqish tufayli kelib chiqadigan bosh ogʻrigʻidir. Agar bemor bosh ogʻrigʻidan shikoyat qilsa, bu holat birinchi martami yoki ilgari ham boʻlganmi, shuni aniqlash kerak.

    Misol uchun, bosh ogʻrigʻi har safar bir xil alomatlar bilan oʻtsa, va qisqa vaqt oraligʻida besh martadan koʻp qaytalansa, bu migrendan dalolat boʻlishi mumkin. Lekin kuchli bosh ogʻrigʻi bemor hayotida birinchi marotaba roʻy bergan boʻlsa, zudlik bilan nevrolog koʻrigini tashkil qilish zarur.

    Umuman, bosh ogʻrigʻining tez-tez qaytalanishi biror kasallik belgisi ekanligi ehtimoldan xoli emas.

    Bunday bemorlarni umumiy amaliyot shifokori yoki nevrolog koʻrigiga jalb etish, xastalik sababini oʻz vaqtida aniqlash kerak. Eʼtiborlisi, mamlakatimiz tibbiyotida bunday kasalliklarni tashxislash va samarali davolash boʻyicha hamma imkoniyat mavjud. Tuman tibbiyot birlashmalari, viloyat va respublika miqyosidagi, qolaversa, xususiy tibbiyot muassasalarida asab xastaliklarini aniqlash borasida jahon tibbiyotining eng ilgʻor texnologiyalari — kompyuter tomografiya, magnit rezonans tomografiya, UTT, dopplerografiya, EEG kabi asbob-uskunalaridan samarali foydalanilmoqda.

    — Nevrologiya tibbiyotning eng murakkab va qiziqarli sohalaridan biri, zamonaviy tibbiyotda uning qanday yoʻnalishlari bor?

    — Nevrologiya tibbiyotning boshqa yoʻnalishlariga qaraganda nihoyatda keng tarmoqli ekani bilan ajralib turadi. Yaʼni, bu soha insonning asab tizimi va uning faoliyati bilan bogʻliq koʻplab kasalliklarni aniqlab, davolashga ixtisoslashgan bir necha boʻlimlarga boʻlinadi.

    Masalan, miya qon-tomir xastaliklarini oʻrganadigan angionevrologiya sohasi, epileptologiya, vegetativ asab tizimi kasalliklarini aniqlash va davolashga yoʻnaltirilgan vegetologiya, shuningdek, neyrogenetika kabi muhim tarmoqlarga boʻlingan. Bundan tashqari, ichki kasalliklar tufayli kelib chiqadigan asab xastaliklarini oʻrganish va uni davolash ham nevrologiyaning muhim tarkibiy qismidir.

    Shunisi quvonarliki, jahon miqyosida nevrologiya yoʻnalishlari boʻyicha qanday yutuqlar mavjud boʻlsa, ularning barchasi mamlakatimiz tibbiyotiga ham joriy etilgan.

    Insultning oldini olish maqsadida endovaskulyar texnologiyalar yordamida miya qon-tomirining toraygan joyiga kateter orqali kirib stent qoʻyish amaliyoti, bir qator nevrologik kasalliklarni konservativ, yaʼni dori-darmon bilan davolash boʻyicha qoʻllanilayotgan yangicha uslublar shular jumlasidandir.

    Tibbiyotimizdagi bunday muvaffaqiyatlar xalqimiz sogʻligʻini mustahkamlash, aholining umr koʻrish koʻrsatkichini uzaytirishga zamin yaratayotgani bilan qadrlidir.

    Mutaxassis bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati suhbat olib bordi.