Mikromoliyaviy tashkilotlar qanday islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatadi

    Markaziy bank boshqaruvining 2024-yil 26-iyuldagi 3536-sonli qarori bilan Mikromoliyaviy tashkilotlar tomonidan islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

    Hujjat Islomiy moliyaviy muassasalar buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) islomiy moliyalashtirish standartlari asosida, shuningdek milliy kontekst va ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

    Nizom mikromoliyaviy tashkilotlar tomonidan islomiy moliyalashtirish xizmatlarini taqdim etish tartibini belgilaydi.

    Nizom bilan mikromoliyaviy tashkilotlar (MMT) tomonidan islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatish uchun rioya qilinishi kerak bo‘lgan umumiy talablar belgilangan. Xususan, bunday xizmatlarni ko‘rsatish uchun MMT tarkibida islomiy moliyalashtirish masalalarini muvofiqlashtiruvchi maxsus kengash tashkil etilishi yoki bunday kengash faoliyati autsorsingga o‘tkazilishi zarurligi belgilangan.

    Maxsus kengash (kamida besh kishidan iborat) ishtirokchilar (aksiyadorlar) umumiy yig‘ilishi qarori bilan tuziladi. Kengash a'zolariga «Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyaviy faoliyat to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan ishbilarmonlik obro‘siga oid talablar qo‘yiladi.

    Hujjatda islomiy moliyalashtirish xizmatlari bilan bir qatorda qonunchilikda belgilangan an’anaviy xizmatlar ham ko‘rsatilgan taqdirda, mikromoliyaviy tashkilotning islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati bo‘yicha buxgalteriya hisobini alohida yuritish zarurligi ko‘rsatilgan.

    Nizom quyidagi islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatish tartibini batafsil belgilaydi:

    - islomiy ijara;

    - foydani taqsimlash asosida moliyalashtirish (mudaraba);

    - bo‘lib to‘lash asosida moliyalashtirish (murabaha);

    - sheriklik - foyda va zararlarni taqsimlash asosida moliyalashtirish (musharaka);

    - oldindan to‘lov asosida moliyalashtirish (salam).

    Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 2024-yil 26-iyuldan kuchga kirgan, deb xabar beradi «Norma» portali.