Mikroqarz va imtiyozli kredit mablag'larini o'zlashtirgan shaxslar aniqlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplaens-nazorati tuzilmalari bilan hamkorlik doirasida pul mablag'larining talon-toroj qilinishi bo'yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan o'z vaqtida qonuniy choralar ko'rilmoqda.

    Xususan, Departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan “Mikrokreditbank” ATB Samarqand viloyat mintaqaviy filialining murojaatiga asosan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Bog'ishamol” bank xizmatlari markazi sobiq boshlig'i A.T. qarindoshi F.X. va boshqalar bilan o'zaro til biriktirib, mikroqarz olish uchun murojaat qilgan fuqarolar nomiga turli xo'jalik yurituvchi sub'ektlardan soxta ish haqi ma'lumotlarini rasmiylashtirish orqali jami 386,7 mln so'm mikroqarz rasmiylashtirishib, ushbu mablag'larni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

    Shu kabi, Departamentning Paxtachi tuman bo'limi tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.K.” xususiy korxonasi rahbari F.K. o'g'li X.B. nomiga “P.S.” MCHJ tashkil etib, tijorat banki filialidan paypoq ishlab chiqarish uskunasi sotib olish maqsadida 232 mln so'm imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablag'larni “B.K.” xususiy korxonasiga o'tkazish orqali talon-toroj qilganligi aniqlangan.

    Departamentning Qo'rg'ontepa tuman bo'limi tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, “M.M.” oilaviy korxonasi rahbari Z.M. avtomobillarga texnik xizmat ko'rsatish uchun dastgohlar sotib olish maqsadida ajratilgan 200 mln so'm imtiyozli kredit mablag'ini talon-toroj qilib, garovga qo'yilgan “NEXIA 3” rusumli avtomobilni hududiy tijorat banki filiali mas'ul shaxslari bilan o'zaro til biriktirib soxta hujjatlar orqali taqiqdan chiqarib yuborganligi aniqlangan.

    Xuddi shunday, Departamentning Andijon tuman bo'limi tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “O'” MFY bo'yicha hokimning sobiq yordamchisi M.I. fuqaro N.A. va boshqalar o'zaro til biriktirib, bank muassasasidan 4 nafar fuqaro nomiga tikuv dastgohlari sotib olish maqsadida 132 mln so'm imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablag'lar evaziga sotib olingan tikuv dastgohlarini boshqa shaxslarga naqd pulga sotib yuborganliklari aniqlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o'zlashtirish yoki rastrata yo'li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilmoqda.