Eslatib oʻtamiz, musobaqaning rapid yoʻnalishi boʻyicha hamyurtimiz 17 yoshli Nodirbek Abdusattorov sayyoramizning eng kuchli shaxmatchisi ekanligini isbotladi.
Rapid yoʻnalishidan soʻng, 180 nafar shaxmatchilar ikki kun davomida blits yoʻnalishida oʻzaro musobaqalashdi. Oʻtkazilgan bahslar yakuniga koʻra, Javohir Sindarov hamyurtlarimiz ichida eng yaxshi natijani qayd etdi.
Shaxmatchimiz 21 imkoniyatdan 13,5 ochko jamgʻargan holda 8-oʻrinni egalladi. Shuningdek, Shamsiddin Vohidov 12,5 ochko bilan 40, Nodirbek Abdusattorov esa 12 ochko bilan 43-oʻrinni band etdi. Jahongir Vohidov esa 11 ochko bilan 80-oʻrindan joy oldi.
1-yanvardan 2-yanvarga oʻtar kechasi jahon chempionligini qoʻlga kiritib, Millat qahramoniga aylangan Nodirbek Abdusattorov va shaxmatchilarimiz joy olgan samolyot Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qoʻnadi.
Hamyurtlarimiz bir qator sportimiz mutasaddilari, keng jamoatchilik va mamlakatmizdagi ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan kutib olinadi.
Eslatib oʻtamiz, shaxmat boʻyicha jahon chempionatida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan va mazkur sport turining rapid yoʻnalishida jahonning eng yosh chempioni sifatida eʼtirof etilgan Nodirbek Abdusattorov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi hamda Prezidentimiz koʻrsatmasi bilan unga Toshkent shahrida 2 xonali xonadon sovgʻa qilinadi.