Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Madaniyat vazirligi hamkorligida Orolboʻyi hududida yashovchi millat va elatlarning maʼnaviy-maʼrifiy aloqalarini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan onlayn konferensiya boʻlib oʻtdi.

“Maʼnaviyat insonning ulgʻayish va kuch-qudrat manbaidir” mavzuidagi mazkur konferensiya oʻtgan yili qoraqalpoq va oʻzbek xalqi maʼnaviy-madaniy merosining oʻziga xos xususiyatlari, mushtarak jihatlarini yoritish kabi qator maqsadlarda oʻtkazilgan “Maʼnaviyat festivali”ning uzviy davomidir.

Videomuloqotda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, madaniy markazlar tizimida mehnat qilayotgan xodimlar, turli millatga mansub mamlakatimiz fuqarolari hamda boshqa hamkor tashkilotlarning masʼul vakillari ishtirok etdi. 300 ga yaqin ishtirokchiga Davlat dasturining 260-bandi ijrosi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar xususida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va uning hududiy boʻlimlari tomonidan bajarilgan ishlar, Orolboʻyi hududlarida yashovchi millatlar va elatlarning maʼnaviy-maʼrifiy aloqalari, ayni munosabatlarning istiqboli hamda hududiy Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlarining faoliyati konferensiya ishtirokchilari oʻrtasida chuqur tahlil etilib, ijobiy tajribalar targʻib qilindi. Festival doirasida mamlakatimizda yashovchi turli millat va elat vakillarining oʻziga xos milliy anʼanalari, urf-odatlari va rasm-rusumlarini asrab-avaylash va rivojlantirishga koʻmaklashishga qaratilgan koʻrgazmalar ham tashkil etildi. Milliy madaniy markazlar qoshidagi konsert va folklor jamoalarining gala konserti, Qoraqalpoq davlat universitetida tashkil etilgan “Harakatlar strategiyasining Millatlararo va konfessiyalararo tinchlik hamda totuvlikni mustahkamlashdagi oʻrni va ahamiyati” mavzusidagi davra suhbati tadbirning koʻtarinkiligini taʼminladi.

Oʻylaymizki, bunday tadbirlar Qoraqalpogʻiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan qozoq, turkman, rus, koreys, ukrain milliy madaniy markazlari bilan hamkorlikda oʻtkazib kelinayotgan “Oʻzbekiston — umumiy uyimiz” shiori ostidagi madaniyat va doʻstlik festivali saviyasining yana-da yuksalishiga xizmat qiladi.