Bugun davlatlarning haqiqiy kuch- qudrati shu mamlakatda yashovchi aho­lining tarbiyasi, xulqi, masʼuliyati, madaniyati, mehnatga munosabatida na­moyon boʻlmoqda. Shuning uchun ham yangi Oʻzbekiston oʻz taraqqiyot strategiyasini inson qadri, maʼnaviyati va tarbiyasini markazga qoʻygan holda amalga oshirmoq­da. Ana shunday xayrli ishlardan biri rivojlangan davlatlarning tarix sinov­laridan oʻtgan tajribasini yurtimizda joriy etish boʻlyapti.

Xalqimizning “Yetti oʻlchab, bir kes” degan maqoli bor. Shunga amal qilib, har qanday yutuq birdan barcha hududda tatbiq qilinmay, qayta-qayta sinab koʻ­rilyapti. Chunki natijadorligiga ishonch komil boʻlgachgina, tajribani kengayti­rish lozim.

Jamiyatni birlashtirishning yapon me­todikasidan foydalanish tashabbusi uch yil avval Fargʻona viloyatida yoʻlga qoʻyilib, ijobiy natijaga erishilgan. Endi esa bu tajribaning Namangan viloyatida ham joriy etilayotgani vaqt talabi, jamiyat ehtiyoji va tarbiyani zamonaviylashtirish yoʻlidagi mantiqiy rivojlanish bosqichidir.

Namangan mamlakatimizning milliy qad­riyatlar, odob, ibrat, mehr-oqibat va jamoat­chilik hissi kuchli saqlangan hududlaridan. Bunday muhitda yapon tarbiya texnologiyalari oʻzbek milliy ruhiyati bilan uygʻunlashib, yanada tez va yuqori natija berishi tabiiy.

Ahamiyatlisi, mazkur maktablarning mod­diy-texnik bazasi mahalliy byudjet hiso­bidan mustahkamlanayotganidir. Bu yoshlar tarbiyasida davlatning roli kuchayayotganini koʻrsatadi. Chunki yaxshi natija faqat gʻoyani emas, zarur sharoitni ham talab qiladi.

Tarbiya va maʼnaviyat nuqtayi nazaridan qa­ralsa, yapon madaniyati — kattaga hurmat, oi­laga sadoqat, or-nomus, mehnatsevarlik, tar­tib-intizom, jamoa, el-yurtga xizmat qilish kabilar koʻp jihatdan oʻzbek qadriyatlariga oʻxshaydi. Bu fazilatlar oʻzbek milliy tarbiya­ sining ham umurtqasidir. Shuning uchun yapon metodikasini joriy qilish milliy tarbiya­ni zamonaviy texnologik yondashuvlar bilan mustahkamlaydi. Yapon tarbiya metodikasi shiddatli globallashuv jarayonida milliy tarbiyani, uning tizimli metodikasi, xulq modellarini saqlab qolish madaniyatidir. Bu metodikaning Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasi bilan maslagi bitta — vatanga sodiq, maʼnaviy yetuk, yuksak malakali, ham­korlikka qodir, global raqobatda gʻolib boʻla­digan avlodni tarbiyalash.

Shu maʼnoda, bitta maktabdan boshlangan bu tashabbus ertaga butun viloyatga, mamla­katga taʼsir qiladigan bunyodkor pedagogik harakatga aylanishi mumkin. Chunki taraq­qiyot insondan boshlanadi. Inson qanday boʻ­lishi esa tarbiyaga bogʻliq.

Ham iqtisodiyot, ham tarbiyadan boshlangan moʻjiza

“Yapon moʻjizasi” ham iqtisodiyot, ham tarbiyadan boshlangan. Uning yuksak rivojla­nish sirlaridan voqif boʻla borganimiz sari Prezidentimizning “Biz yangi Oʻzbekistonni barpo qilishda kuchli iqtisodiyot va kuchli maʼnaviyatga tayanamiz” degan gʻoyalari bot-bot yodimizga tushadi.

Ikkinchi jahon urushidan magʻlub boʻlib chiqqan Yaponiyada keng koʻlamli islohotlar boshlandi. 1955-yildan tarbiya va targʻibot tizimini isloh qilishga kirishildi. Bu is­lohot bir necha yilda yangi insonlarni yetish­tirdi. Yangi insonlar “yapon moʻjizasi”ni yuzaga chiqardi. Ishchi-xizmatchi, tadbirkor, muhandis, rahbar sifatida maydonga chiq­qan yangi Yaponiya yoshlari faqat bilimli emas, balki intizomli, jamoaviy, fidoyi, masʼuliyatli, daxldor, Vatan manfaatini his qiladigan insonlar edi. Ular Kokutay milliy gʻoyasi talab qilgan fazilatlar bilan qurollangandi. Milliy gʻoya, milliy tarbiya jamiyatni birlashtiruvchi maʼnaviy dastak boʻldi.

Keksa yapon pedagoglari bilan suhbatlash­sangiz, ular sizga milliy birlashuv yoʻlida irodaning etni junjiktiradigan misolla­rini aytib beradi. Ikkinchi jahon urushi­dan keyin yapon ishchilarida mehnat, sadoqat, Vatanga xizmat qilish fazilatlari birinchi oʻringa chiqqan.

Ishchilarga atigi bir parcha non va piyozli shoʻrva berilar, ular 10 soat ishlar, ochlikdan qoʻl-oyoqlarida darmon, quvvat qolmas ekan. Ana shunda oyoqda tura olmay qolgan ishchi­lar sexning shiftiga arqon oʻtkazib, halqa qilib, qoʻltigʻi bilan osilib, ishni davom ettirgan ekan. Bu misol faqat ogʻir mehnat tarixi emas, balki yapon tarbiya metodikasi xalq xarakterini qanday shakllantirgani­ning tarixiy isboti hamdir.

Albatta, bugun bunday mehnat sharoitini ideal deb qabul qilish mumkin emas. Lekin mazkur misolning mazmuni bitta: maʼnaviy tarbiya insonni yengilmas qiladi.

Bunday birlashgan milliy irodaning, jamoaviylik, masʼuliyatning manbasi bor, albatta. 1958-yilda Yaponiya hukumati ishlab chiqqan tarbiyaviy yoʻriqnomaga koʻra, maktab oʻquvchilariga hamda yoshi katta aholiga targʻi­bot-tashviqot orqali 22 ta tayanch fazilat ti­zimli ravishda oʻrgatilgan. Bu esa kuchli maʼ­naviyatni shakllantirgan. Ushbu misol ham davlatimiz rahbari ilgari surayotgan “Kuchli iqtisodiyot + kuchli maʼnaviyat” gʻoyasining tarixiy haqiqat ekanini tasdiqlaydi.

Tajriba siri — koʻrsatib oʻrgatishda

Shu oʻrinda “Yaponiya. Uni qanday tushunish kerak?” kitobi muallifi Ikeno Osamu kel­tirgan bir tajriba haqida toʻxtalib oʻtsak.

Yapon onalari va yevropalik onalarga bolalari bilan birga piramida yigʻish va­zifasi beriladi. Mana shunda ikki xil ma­daniyatga mansub onalarning tarbiya metodi­kasini qanday tushunishi yaqqol koʻrinadi. Yapon onalari avval oʻzlari piramida yigʻa­di, keyin bolasiga: “Men kabi yigʻ”, deydi. Agar bola xato qilsa, hech qanday jazo yoki qattiq tanbehsiz, yana boshidan koʻrsatadi, qayta boshlaydi. Yevropalik onalar esa avval bolaga piramida qanday yigʻilishini tushun­tiradi, izohlaydi, keyin boladan piramida yigʻishni talab qiladi. Bir qarashda gʻarb uslubi ilmiyroq koʻrinadi — tushuntirish, qoidalar, taʼrif. Lekin bunday boʻlmaydi, yapon ona-bolalari yutib chiqadi.

Chunki bola dunyoni ogʻzaki taʼriflar bi­lan emas, koʻz, quloq, harakat, tajriba orqali anglaydi. Unga qoidalarni aytish mumkin, lekin oʻsha qoidani qoʻllash uchun namuna, misol kerak. Shuning uchun yapon taʼlim- tarbiyasi avval bolaga koʻrsatadi, bolada shu harakatni qilish istagini uygʻotadi, keyin bolaning oʻzi harakat qiladi.

Pedagogika fanlari doktori, professor M.Quronov bu holatni yapon va oʻzbek xalq­larining milliy tarbiyasidagi qonuniyatlar bilan bogʻlaydi: yapon onasi milliy tarbiya qoidasi — koʻrsatib oʻrgatishga amal qilgan. Yevropalik ona esa bola tushunsa, yaxshi baja­radi deya, ogʻzaki yondashgan.

Yapon onalari oʻzbek xalqining “Yuz marta eshitgandan bir marta koʻrgan yaxshi” tamoyiliga amal qilgan. Ilgari bobo-mo­molarimiz oʻgʻil-qizlarini oʻzi bilan birga bozor, hashar, toʻy-tomosha, yigʻinlarga olib yurgan. Ular hatto “tarbiya” degan soʻzni ham koʻp ishlatmagan. Koʻrsatib, oʻrgatgan. Aslida, bu tarbiyaning oltin qoidasi — yuz marta ga­pirmay, bir marta koʻrsatib tarbiyalashdir.

Soʻnggi yillarda bizda ham tarbiyada ogʻ­zaki yondashuv kuchaygani sezilyapti. Boladan yaxshi xulq kutamiz, lekin oʻsha xulq qanday boʻlishini koʻrsatib bermaymiz. “Mana buna­qa qil!” deb aytamiz. “Nega tushunmaysan?” deb achchiqlanamiz. Bolaning qoʻliga uramiz. Unga tanbeh berib, qalbini ezib, tarbiya qildim deb oʻylaymiz. Ammo bu usul haqiqiy tarbiya emas, balki tarbiyaga qarshi ishlaydi­gan ruhiy bosimdir. Yapon metodikasi mana shunga qarshi turadi.

Nega aynan ushbu yurt uslubi?

Yaponiya eng rivojlangan davlatlar qa­toridan mustahkam oʻrin olgan, oʻrtacha IQ koʻrsatkichi boʻyicha yuqori oʻrinda turadigan, milliy oʻzligini saqlab qolgan holda faro­vonlikning eng yuqori darajasiga erishgan mamlakat. Bu davlat oʻz tarixi va milliy oʻzi­ga xosligini saqlashda koʻp mamlakatlar uchun ibrat hamda namuna hisoblanadi.

Kunchiqar yurt taraqqiyotining bir muhim xususiyati bor. U rivojlangan davlatlar yutuqlarini oʻzlashtirgan, ammo koʻr-koʻrona koʻchirmagan. Oʻrgangan, tahlil qilgan, oʻz sha­roitiga moslashtirgan, keyin jadal joriy etgan. Ana shu yondashuv Yaponiyani iqtisodiy va maʼnaviy jihatdan ulkan taraqqiyotga olib chiqdi.

1955-yildan boshlab Yaponiyada tarbiya va maʼrifat sohasida islohotlar kuchli iqtiso­diyot va kuchli maʼnaviyat prinsipi asosida yoʻlga qoʻyildi. Bu jamiyatning “Qanday qi­lib millat oʻzini yoʻqotmay, zamonaviyla­shadi?” degan savoliga javob edi. Yaponiya bu savolga mashhur formulasi bilan javob ber­di: “Yapon maʼnaviyati + Gʻarb bilimi = Yapon moʻjizasi”.

Gʻarbdan bilim, texnologiya, fan va bosh­qaruv tizimi oʻrganildi. Ammo milliy qadriyatlar, jamoaviylik, mehnatsevarlik, daxldorlik, fidoyilik, Vatan manfaati uchun shaxsiy manfaatdan voz kechish kabi fa­zilatlar milliy tarbiya orqali mustahkam saqlandi. Yangilanish milliy oʻzlikning ka­mayishi emas, aksincha, milliy xarakterni kuchaytirish hisobidan amalga oshirildi.

1958-yilda Yaponiya hukumati yangi mil­liy tarbiya yoʻriqnomasini tasdiqladi. Unda aholi va yoshlar orasida 22 ta tayanch fa­zilatni tarbiyalash maqsadi qoʻyildi. Bu fa­zilatlar shunchaki “odob-axloq qoidalari” emasdi. Ular, birinchi navbatda, fuqaroni bilim olish, mehnat qilish, masʼuliyat­ni his etish, jamoat manfaatini birinchi oʻringa qoʻyishga safarbar qilgan ichki maʼ­naviy drayverga aylandi. Ana shu inson omili 1973-yilda “Yaponiya moʻjizasi”ni vujudga keltirdi. Bu jarayon hozir ham da­vom etmoqda.

Yaponlar axloqiy fazilatlarning asosiy qismi 14 yoshgacha shakllanishini taʼkid­laydi. Bu yosh oraligʻida inson xarakteriga poydevor qoʻyiladi. Shuning uchun Yaponiyada tarbiya “bir umrlik vaksina”, deyiladi. Bir marta toʻgʻri “emlansa”, insonda umr boʻyi mu­hofaza mexanizmi ishlab turadi.

Shunday ekan, bugunning eng muhim cha­qiriqlaridan biri tarbiyani ogʻzaki shakl­dan amaliy shaklga oʻtkazish, “aytdim” degan taskindan “koʻrsatdim” degan masʼuliyatga oʻtishdir. Ana shu yoʻl bilangina biz ham milliy taraqqiyotimizda maʼnaviy asosni kuchaytirib, yangi Oʻzbekistonning yangi in­son kapitalini tarbiyalay olamiz.

Taraqqiyot vositasi

Dunyoda har bir davlatning taraqqiyot formulasi bor. Kimdir bu formulani neft, gaz, oltin bilan, kimdir portlar, logistika, tabiiy resurslar bilan izohlaydi. Ammo XXI asr haqiqatini hayotning oʻzi isbotlab berdi: tabiiy boyliklar emas, inson kapi­tali mamlakatni taraqqiyotga eltadi. Inson kapitali esa faqat bitta mexanizm — tarbiya bilan yaratiladi.

Shu maʼnoda, Yaponiya tajribasi nafaqat iqtisodiy moʻjiza tarixi, balki tarbiya orqali millat xarakterini shakllantirish haqidagi jonli darslikdir. Uning sabogʻi shundaki, toʻgʻri tarbiya faqat axloq emas, iq­tisodiy raqobatbardoshlik, ijtimoiy bar­qarorlik, davlat xavfsizligi va innovatsion taraqqiyotning asosiy sharti hamdir. Mana shunday xulosalarni mustahkamlaydigan faktlar, fikrlar va amaliy tavsiyalar yapo­niyalik pedagoglar bilan suhbatlarda yana bir bor oʻta ravshan koʻrindi.

“Xulq tartibga solinmagan joyda kelish­movchilik odatga aylanadi”. Dotoku (xulq oʻrgatish) sanʼati boʻyicha murabbiy, yapon pe­dagogi Goto Mikakoning biz bilan suhbatda aytgan quyidagi fikri har qanday jamiyat uchun juda qattiq ogohlantirishdir: “Bu­gun dunyo bolalarining xulqi tartibga so­linmagan. Oʻzini qayerda, qanday tutishning maromiy xulq modellari bolalarga koʻrsa­tilmagan, mashq qildirilmagan, ularning avtomatik, proaktiv odatlariga aylantiril­magan”, deydi u.

Mikakoning taʼkidlashicha, “oʻqituvchi — oʻquvchi”, “oʻquvchi — oʻquvchi”, “ota-ona — farzand”, “aka — uka”, “opa — singil”, “fuqaro — fuqaro”, “er — xotin”, “vatandosh — vatandosh” oʻrtasidagi kelish­movchiliklar ularga maromiy xulq modellari oʻrgatilmaganidan kelib chiqadi.

Yapon pedagogi bolalarga bilimdan ol­din fazilat berish kerak, aks holda, bu bola­lar katta boʻlgach, hamkorlik qilish, jamoa­da ishlash, til topishish, muvaffaqiyatli shaxsga aylanish yoʻlida toʻsiqqa uchraydi deydi. Bu esa faqat bir bola yoki oilaning muammosi emas, balki mamlakatning ijti­moiy-maʼnaviy muhitiga taʼsir qiluvchi strategik muammo.

Bu fikrni toʻgʻri anglasak, haqiqat oddiy: har bir kelishmovchilikning il­dizida qoidalar emas, amaliy koʻnikma yetishmasligi yotadi. Aslida, bola qaysi vaziyatda nima deyish, qanday tinglash, qanday soʻrash, qanday rad etish, qanday uzr soʻrash, qanday sabr qilishni tushunish orqali emas, koʻrib va takrorlab oʻrgana­di. Agar u bunday xulq modelini koʻrmasa, mashq qilmasa, xulqi avtomatlashmaydi. Avtomatlashmagan, beqaror xulq stress paytida buziladi. Buzilgan munosabat esa ziddiyatga aylanadi. Ziddiyatlar odamlar­ni, xalqni birlashtirmaydi, aksincha, pa­rokanda qiladi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va Oʻz­bekiston xalqiga Murojaatnomasida bugungi murakkab zamonda yoshlarimizni turli sinov­larga chidamli, vatanparvar insonlar qilib tarbiyalash, xalqimizni birlashtirishga daʼ­vat etdi. Biz uchun hozirgi global taraqqiyot davrida, dunyoda oʻta keskin va tahlikali ja­rayonlar yuz berayotgan bugungi kunda milliy birlik nihoyatda muhimligini taʼkidladi. Jumladan, “Donishmand bobolarimizning “Birlashgan — oʻzar, birlashmagan — toʻzar” degan hikmatli maqoli bor. Chindan ham, qa­rang, kimki birlashdi — hayotda oʻzdi, gʻala­baga erishdi. Kimki birlashmadi — toʻzib, yoʻq boʻlib ketdi. Tarix davomida qanday ogʻir sinovlarga duch kelmaylik, avvalo, bir­damlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh boʻlib qiyinchiliklarni yenggan. Oila — oilaga, qoʻshni — qoʻshniga koʻmak berib yashagan. Biz mana shunday oʻta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak”, dedi.

Mana shu masalada ham milliy birlik­ning yapon tajribasiga hamma tan beradi. Tahlil qilinsa, bu milliy birlik ham tar­biya natijasi boʻlib chiqadi.

Yelpigʻichdagi kod

Yapon pedagoglari oʻzbekistonlik ham­kasblariga chiroyli yelpigʻich sovgʻa qildi. Maʼlum boʻlishicha, bu oddiy sovgʻa emas, pedagogik sovgʻa ekan. Ular yelpigʻichni tar­biyaning teran falsafasi sifatida talqin qilib, bunday dedi: “Tarbiya — yelpigʻichning dastagi. Fanlar — yelpigʻichning burmalari”, deb tasavvur qiling. Barcha fan tarbiyadan boshlanadi, tarbiyaga borib ulanadi. Ularni tarbiya — dastak toʻplab, yigʻib, birlashti­rib turadi. Agar tarbiya boʻlmasa, ular sochi­lib ketadi. Shuning uchun bolalar bogʻchasi, maktab, avvalo, tarbiya bilan shugʻullanishi kerak. Ana shunda bolalarga “Yaxshi oʻqi”, “Kitob oʻqi”, deyishga zarurat qolmaydi. Chunki tarbiyali bola yomon oʻqishdan uyaladi, or qiladi”.

Aslida, bu — butun taʼlim tizimini qayta quradigan prinsip. Agar har bir fanning yakuniy manzili fazilat boʻlsa, demak: matematika faqat hisoblash emas, aniqlik, sabr, masʼuliyatni tarbiyalaydi; adabiyot faqat matn emas, empatiya, este­tik did, milliy idrokni shakllantiradi; tarix faqat sana emas, daxldorlik, vatan­parvarlik, xulosa chiqarishga oʻrgatadi; jismoniy tarbiya faqat mashq emas, iroda, intizom, jamoaviylik, milliy birlashuv­ni mustahkamlaydi.

Bugun Oʻzbekistonda taʼlim islohot­lari, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi maqsadlari, inson kapitaliga qaratilgan dasturlar ijrosi uchun yapon yelpigʻichi meto­dikasi juda zarur. Chunki bu metodika bizga “Qanday qilib yoshlarning bilim, kompeten­siyalarini milliy maqsadga yoʻnaltirish mumkin?” degan global savolga javob beradi.

Yechim tarbiyani “qoʻshimcha ish” emas, peda­gogik jarayonning markaziy maqsadi sifati­da tashkil qilishda. Yaponiya metodikasining koʻrsatgani shu: tarbiya markaz boʻlsa, taʼlim sifati oʻz-oʻzidan oshadi. Chunki oʻquvchilar oʻzidagi mehnatsevarlik, innovatsion fikr­lash, iroda, tirishqoqlik koʻnikmalarini bilim olishga qaratadi. Yomon oʻqishdan or qiladi.

Oramizda “Tarbiyani qoʻy. Bilim olsa boʻl­di”, deydiganlar ham bor. Ularga ulugʻ allo­malarimizning mana bu fikrini eslatamiz: “Tarbiyalamay berilgan bilim telbaning qoʻliga berilgan qilichdir”. Bu nima dega­ni? “Tarbiyasiz aʼlochi” oʻz bilimini shaxsiy gʻarazda, boshqalarning zarariga, korrupsiya maqsadida ishlatadi. Bu bilan xalqining tinkasini quritadi.

Shuning uchun yapon metodikasidan foyda­lanib, halol-pok, Vatanga sodiq farzandlar­ni yetishtirish Oʻzbekiston uchun qator muhim natijalarni kafolatlaydi.

Avvalo, maktab muhiti sogʻlomlashadi: “oʻqituvchi — oʻquvchi”, “oʻquvchi — oʻquvchi” ziddiyatlari kamayadi, chunki xulq modellari mashq qilinadi.

Ikkinchidan, Soft skills (yumshoq koʻnik­malar) tizimli shakllanadi: jamoada ish­lash, muloqot, kelishish, masʼuliyat, liderlik kabi koʻnikmalar “parallel” emas, “asosiy” natijaga aylanadi.

Uchinchidan, ilmga munosabat oʻzgaradi: bola “oʻqish kerak” degan bosim bilan emas, “bilmaslik — men uchun uyat” degan ichki, tar­biyaviy nozir, vijdon yoʻrigʻi bilan harakat qiladi.

Toʻrtinchidan, jamiyatning ijtimoiy- maʼnaviy muhiti mustahkamlanadi: tarbiya maktabdan tashqarida, mahallada, oilalarda bir xil tushuniladi va mahallani rivojlan­tiradi, jamiyatni yuksaltiradi.

* * *

Xullas, nafaqat Yaponiya, balki Sharqning “yoʻlbars davlatlari” oʻz taraqqiyotining boshida iqtisodiy innovatsiyalar bilan bir qatorda dunyodagi eng kuchli taʼlim-tarbiya texnologiyalarini olib kelgan, modifikatsiya qilgan va shundan keyin yuksalgan.

Oʻzbekiston ham ana shu sinalgan yoʻldan bormoqda. Bugungi global konvergent yonda­shuv milliy maʼnaviyatni zamonaviy texno­logiyalar bilan uygʻunlashtirib, “Milliy tarbiya + yuksak texnologiyalar = Oʻzbek moʻ­jizasi” tarzida taraqqiyotga xizmat qildi­radi.

Yapon yelpigʻichi bizga bu tarixiy haqi­qatning ramzi boʻlib qoladi. Yaʼni majoziy aytganda, fanlar bu — barmoqlar. Barmoq­larni birlashtiradigan dastak esa tarbiya. Shu dastakni mustahkamlasak, taʼlim, iq­tisodiyot, jamiyat parokanda boʻlmaydi, bir­lashadi. Murojaatnomada qayd etilganidek: “Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar boʻlishi tabiiy. Bu — de­mokratiyaning birlamchi talabi. Ammo mil­lati, tili va dinidan qatʼi nazar, butun el- yurtimizni birlashtiradigan ulugʻ bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”.

Bu dasturiy fikr mamlakatimiz yetak­chisining vatanparvar birlikka qaratilgan toʻgʻridan toʻgʻri, strategik talabining oliy ifodasi. Shunday ekan, mana shu vatanparvar birlikni tashkil etishning ilmiy-metodik tarbiya asoslarini jahon tajribasi asosida boyitib borish har bir pedagogning kasbiy masʼuliyati boʻlmogʻi kerak.

 

Otabek BOZOROV,

falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori