Tahliliy statistik maʼlumotlarga koʻra, jahon ahli bugungi kunda 7000 dan ziyod tilda gaplashar va, buni qarangki, ularning faqatgina 200 ga yaqinida davlat tili yoki rasmiy til maqomi mavjud ekan. Oʻtmishda 9000 dan ortiq til mutlaq yoʻqolib ketgan. Biror-bir tilning yashab qolishini taʼminlash uchun undan kamida 1 million kishi faol foydalanishi kerak, deydi soha oʻrganuvchilari. Shuningdek, YUNESKO tomonidan nashr qilinadigan “Yoʻqolib ketish xavfi arafasida turgan jahon tillari atlasi”da Yevropadagi 50, Tinch okeani mintaqasidagi 200 til borligi taʼkidlanadi. Afrikadagi 1400 ta tildan 600 tasi kelajakda, 250 tasi esa yaqin orada butunlay yoʻqolishi xaqida bong urilmoqda.
Ana shunday tashvishli holatda bugungi kunda Yer yuzida 50 millionga yaqin aholi oʻzbek tilida soʻzlashayotgani oʻzbek tilining umrboqiyligini mustahkam belgilab turuvchi omillardan biridir, albatta.
Xalqimizning koʻp asrlik madaniy, ilmiy-maʼrifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli boʻlgan oʻzbek tili jahondagi eng boy va qadimiy tillardan biridir.
Zero, bejiz oʻzbek adabiy tilining asoschisi, buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy “Til — millatning qalbi, uning dunyoda mavjudligining asosiy belgisidir”, deya eʼtirof etmagan.
Bugungi kunda esa “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan tamoyil asosida tilimiz taraqqiyotning yangi, yana-da yuksak bosqichiga koʻtarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Oʻzbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor va uni oʻrganishga qiziqish tobora kuchaymoqda.
Oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotidagi va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash maqsadida oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 20-yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari, boshqarmalar, tashkilot va muassasalarda rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimlari joriy qilindi.
Maʼrifatparvar alloma ajdodimiz, oʻz davrida oʻnga yaqin tilni puxta oʻrgangan mashhur olim va tarjimon Isʼhoqxon toʻra Ibrat: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat bu — vataniy ishdir”, deya bejiz taʼkidlamagan. Ayni ezgu hikmatni bugungi kunda maktabgacha taʼlim tizimida olib borilayotgan xayrli tadbirlar misolida koʻrishimiz mumkin.
Bugungi kunda yurtimizda ona tiliga hurmat ruhini maktabgacha taʼlim tizimidan boshlab singdirish borasida salmoqli islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, Namangan viloyatida faoliyat olib borayotgan 1244 ta maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanuvchilarga oʻzbek tilini mukammal oʻrgatish orqali ular ongu tafakkuriga milliy istiqlol gʻoyalarini singdirib borishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi tizimidagi tashkilotlarda davlat tilida ish yuritilishini toʻliq taʼminlash, xodimlarning bu boradagi malakasini muntazam oshirib borish boʻyicha chora-tadbirlar belgilanib, ular ijrosi doirasida muayyan ishlar bajarilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirligining “Maktabgacha taʼlim tizimida davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi buyrugʻi ijrosi doirasida viloyatdagi barcha maktabgacha taʼlim tashkilotining nomlanishi, targʻibot vositalari, shior, banner va pannolari hamda peshlavha yozuvlari qayta xatlovdan oʻtkazildi. Davlat tiliga muvofiqligi monitoring qilindi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oʻzbek tilini oʻrgatishga moʻljallangan qiziqarli oʻyin, koʻrgazmali tadbirlar tashkil etish maqsadida til oʻrgatishga moʻljallangan interfaol oʻyinlar, koʻrgazmali tadbirlar loyihasi ishlab chiqilib, bajarilishi taʼminlanmoqda.
Bundan tashqari, karantindan soʻng bosqichma-bosqich ochilayotgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Ona tilim — faxrim, gʻururim”, “Til — millat koʻzgusi”, “Til — millatning borligi va borligʻi”, “Tilga eʼtibor — elga eʼtibor”, “Ona tili millatning ruhidir”, “Ona tilim — bolday laziz” kabi mavzularda turli seminar, tanlov, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishi belgilangan.
Muxtasar aytganda, maktabgacha taʼlim uzluksiz taʼlimning boshlangʻich qismi hisoblanadi. U bolaning sogʻlom va rivojlangan shaxs boʻlib shakllanishini taʼminlab, bolajonlarning oʻz ona tilini puxta oʻrganish, oʻqishga boʻlgan ishtiyoqini uygʻotadi, tizimli oʻqitishga tayyorlab boradi. Shunday ekan, bu tizim faoliyatini yana-da kuchaytirish, maktabgacha taʼlim muassasalarida har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratish, ularga maktabgacha yoshdagi bolalarni keng jalb etish farzandlarimizning barkamol va yetuk shaxs boʻlib shakllanishida muhim oʻrin tutadi.
Tohirjon DEDAXANOV,
Namangan viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi
bosh mutaxassisi