Endigi maqsad va rejalarimiz aniq. Bu yo‘ldagi barcha strategik maqsadlarni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturida, O‘zLiDePning XI s’ezdidagi nutqida, shuningdek, joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarida aniq belgilab berdi.
Agar bu maqsadlar va oldimizda turgan katta ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy o‘zgarishlar epkinini ongli ravishda tasavvur qilsak, ko‘z o‘ngimizda fidoyilik va xalqparvarlik bilan amalga oshiriladigan evrilishlar shukuhi o‘tishi tayin.
Shu o‘rinda Prezidentimiz s’ezddagi nutqida ilgari surgan beshta strategik maqsad yaqin kelajakdagi faoliyatimizda hal qiluvchi o‘rin tutishini bir zum bo‘lsa-da, unutmasligimiz kerak.
Keling, shu besh maqsadni yana bir bor eslaylik.
Birinchi maqsad — har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish, ikkinchi maqsad — odamlarni hayotdan rozi qilish uchun barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, uchinchi maqsad — suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, to‘rtinchi maqsad – qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, beshinchi maqsad – yangi O‘zbekistonni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish.
Butun xalqimiz uchun shukuhli bo‘lib turgan shu kunlarda olijanob maqsadlarimizga erishish yo‘lidagi bosh omillar ko‘z oldimizdan o‘tadi.
Aziz vatanimizni tinchliksevar davlatga aylantirish, xalqimiz bugun va ertaga, uzoq kelajakda ham xavfsiz, xotirjam yashashi uchun sharoit yaratish, bizdan keyin avlodlarimiz ham munosib hayot kechirishi uchun bugun mustahkam zamin tayyorlash borasida ko‘p ishlar qilinayotgani guvohi bo‘lib turibmiz. Lekin bu bizni, hech birimizni befarq tin olishga undamasligi kerak.
Shu o‘rinda Prezidentimizning Surxondaryo viloyatida saylovchilar bilan uchrashuvda aytgan gapini eslaylik. O‘sha uchrashuvda milliy armiyamiz salohiyatini oshirish, milliy g‘oya va mafkuraviy tarbiya masalalari haqida ko‘p yaxshi gaplar aytildi. Jumladan, “Kimki milliy g‘oya, mafkura masalasida orqada qolsa, hech shubhasiz, boshqa sohalarda ham yengiladi”, dedi davlatimiz rahbari.
Buning uchun qanday yo‘l tutmoq kerak? Prezidentimiz bu borada ham aniq takliflarni ilgari surdi. Taniqli tarixchi va sharqshunos olimlar, arxeolog va faylasuflar, shoir va adiblar, jurnalistlar ishtirokida doimiy ishlovchi nufuzli komissiya tashkil qilinishi, bu komissiya 3 ming yildan ziyod tarixni aniq davrlarga bo‘lib, ularning barcha jihatlarini tarixiy dalillar asosida obyektiv va tanqidiy o‘rganish ishlarini tashkil etishi, pirovardida 2025 yilga qadar ko‘p jildli “O‘zbekiston tarixi ensiklopediyasi” tayyorlanishi aytib o‘tildi.
Bugun biz shu muhim vazifaning ajralmas bir qismi bo‘lgan harbiy vatanpavarlik borasidagi ayrim mulohazalarimiz bilan o‘rtoqlashmoqchimiz.
Bu haqda gapirishdan oldin sohada amalga oshirilgan eng muhim islohotlardan ba’zilarini sanab o‘tish maqsadga muvofiq bo‘ladi. O‘tgan davrda qo‘shinlarimiz eng zamonaviy aviatsiya, qurol-yarog‘, jangovar va maxsus texnika bilan ta’minlandi. Zamonaviy infratuzilmaga ega harbiy qism va shaharchalar, poligon va o‘quv markazlari barpo etildi, ularning moddiy-o‘quv bazasi tubdan yangilandi. Harbiylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi kuchaytirildi.
Gap milliy g‘oya va mafkura masalasida borar ekan, hech shubhasiz, yoshlar qalbida harbiy vatanparvarlik hissini kuchaytirish zarurligini hayotning o‘zi oldimizga katta vazifa sifatida qo‘ymoqda.
Biz nima uchun mamlakatimizning xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish harakatidamiz? Chunki bugungi tahlikali zamon, o‘zgarib va murakkablashib borayotgan geosiyosiy muhit shuni taqozo qiladi.
Xavfsiz va tinchliksevar davlat yaratish, nazdimizda, milliy taraqqiyotimizning o‘ta muhim yo‘nalishini, hayot-mamot masalasini tashkil etadi. Shu bois, Prezidentimiz “Albatta, dunyoda qarama-qarshilik, to‘qnashuvlar tobora kuchayib borayotgan, ertaga xalqaro vaziyat qanday tus olishini oldindan aytib bo‘lmaydigan bugungi g‘oyat murakkab zamonda biz ko‘zlagan maqsadlarga erishish oson bo‘lmaydi. Lekin biz o‘tgan davrda sizlar bilan, xalqimiz bilan katta safarbarlik ruhida ishlashni, aniq natijalarga erishishni o‘rgandik. Ilgari o‘n yillar kerak bo‘lgan yo‘lni qisqa muddatda bosib o‘tdik. Yetarlicha bilim va tajriba orttirdik. Jahonda qancha do‘st va hamkorlar topdik. Dunyo – bizga, biz dunyoga ochildik”, deya bejiz aytmadi.
Agar chuqur mulohaza yuritmasangiz, bu yutuqlar o‘z-o‘zidan bo‘lgandek tuyulaveradi. Go‘yoki shunday bo‘lishi kerakdek. Aslida-chi?
Aslida bu nihoyatda mashaqqatli yo‘l bo‘ldi. Yaqin-yiroq davlatlar bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatildi, chegaralar ochildi, o‘zaro tenglik va manfaatli ruhdagi diplomatik aloqalar tiklandi yoki yangidan yo‘lga qo‘yildi. Buning samarasi o‘laroq, o‘tgan yetti yilda xalqimiz islohotlar qudratiga ishondi.
Mana shunday islohotlardan biri – mudofaa qudratini ta’minlash bilan bog‘liq yangilanishlar edi. Milliy siyosiy yetakchimiz yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash hamda Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida barcha pog‘onadagi professional harbiy kadrlarni tayyorlash tizimini doimiy ravishda takomillashtirib borish naqadar muhim ahamiyatga egaligiga alohida e’tibor qaratdi.
Tub islohotlarning uzviy davomi sifatida Qurolli Kuchlar akademiyasini yetakchi harbiy ilm-fan sohasi lokomotiviga aylantirish hamda amaliyotga uzviy bog‘lagan holda tizimli rivojlantirish va ilmiy salohiyati natijadorligini oshirish choralari ko‘rildi. Bu, o‘z navbatida, sifatli akademik ta’lim asosida oliy malakaviy harbiy kadrlar tayyorlash tizimini yanada yuksaltirish, yangi O‘zbekistonning jahondagi harbiy imijini mustahkamlash uchun zamin yaratishga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, erishgan yutuqlarimizni yanada mustahkamlab, belgilangan eng muhim va ustuvor vazifalarni sidqidildan bajarishga kirishdik. Bunda o‘quv va ilmiy ishlarni, tinglovchi va kursantlarning bilim darajasini rivojlantirish, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi kabi ota-bobolarimiz harbiy merosini o‘rganish hamda ularning jasoratini yoshlar ongiga doimiy ravishda singdirib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Dunyoda va mintaqamizda vujudga kelayotgan bugungi murakkab va tahlikali vaziyatda o‘z hayotini vatan himoyasidek sharafli ishga bag‘ishlagan, xalqimiz faxriga aylangan jasur harbiylarimizning jangovar shayligi, jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini kuchaytirish dolzarb vazifamizdir.
Prezidentimiz saylovoldi uchrashuvlarida ta’kidlaganidek, bundan keyin ham harbiy xizmatchilar va soha faxriylarini, ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash, moddiy ta’minotini yanada yaxshilash, uy-joy bilan ta’minlash, farzandlari zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘riladi.
Shu o‘rinda Prezidentimizning bir ezgu niyatini keltirib o‘tamiz: “Men olijanob, buyuk xalqimiz bilan birga yurtimizda erkin va farovon, inson qadri baland bo‘lgan yangi davlat, yangi jamiyatni barpo etishga qattiq bel bog‘laganman. Bu buyuk mas’uliyatli vazifani ado etish yo‘lida o‘zimning bor kuch-g‘ayratim, bilim va tajribamni, kerak bo‘lsa, butun borlig‘imni berishga tayyorman. El-yurtimizga farzandlik sadoqati bilan xizmat qilishdek buyuk e’tiqod doimo hayotimning ma’no-mazmuni bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi”.
Yangi jamiyatni qurish va unga yangicha ruh bag‘ishlash uzoq vaqt talab qilishi tayin. Lekin o‘tgan yetti yil mobaynida dadil va ortga qaytmas islohotlar amalga oshirildiki, pirovardida odamlar ongi ham, shunga hamohang jamiyatdagi kayfiyat ham ko‘tarinkilik kasb etdi.
To‘g‘ri, hozir ularning ko‘pini eslamaymiz. Aslida bir qarashda arzimas bo‘lib ko‘ringan o‘zgarishlar zamirida butun boshli mafkuraviy ruh turgan bo‘lishi ham bizga yaxshi ma’lum. Shulardan biri – Temurbeklar maktablari.
Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo bir suhbatda xalq orasida “Suvorovchilar maktabi” deb tanilgan harbiy o‘quv yurtlarini eslagan edi: “Farg‘onada o‘qib yurgan kezlarda “Suvorov” deb nomlangan o‘quv maskani binosi oldidan o‘tishga yuragimiz bezillardi. U yerdan doim qandaydir bir rutubat, tushkun kayfiyat, salbiy to‘lqin taralib turgandek tuyulardi. Ichkaridan har xil baqir-chaqirlar, do‘q-po‘pisalar, ruscha buyruqlar eshitilib turardi. Bu yerda o‘qiyotgan qiyofasi xomush, ba’zan yuz-ko‘zi ko‘kargan bolalarni ko‘rganimizda yuragimiz yanada orqaga tortib ketardi. To‘g‘risini aytganda, tasavvurimizda ushbu maktab xuddi jazo koloniyasiga o‘xshash joy edi. Kimki farzandi tarbiyasini eplolmaydigan bo‘lsa, farzandi yomon yo‘llarga kirib ketgan bo‘lsa, bu joyga berib qutulardi. Shuning uchun ularning aksariyati bolasidan xabar ham olmasdi. Bu joydan bola jamiyatga “bir balo” bo‘lib yetishib chiqardi.
Xullas, oradan yillar o‘tib, ushbu harbiy akademik litseyga borganimda butunlay boshqacha yorug‘ manzarani ko‘rdim. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashrifidan so‘ng bu maskandagi shart-sharoitlar mutlaqo o‘zgargan. Nafaqat binolar ko‘rinishi, balki o‘qituvchilarning qarashlari ham, yurishlari ham butkul yangi mazmun va shakl kasb etgan. Ularning bola tarbiyasiga yondashuvlari, dars uslublari o‘zgargan”.
Prezidentimiz 2017 yilda katta bir yig‘ilishda dunyoni ta’lim, bilim va ilm-fan boshqarishini qat’iy ta’kidlar ekan, ayniqsa, harbiy ta’lim – uning oqsashlarini, xususan, “Suvorov” deb yuritib kelingan harbiy maktablarda milliy ruhning yo‘qligi, davr talablaridan ortda qolish namoyon bo‘layotganini tanqid qilgandi. Albatta, bu achchiq haqiqat edi. Buni ko‘pchiligimiz bilsak-da, uni o‘zgartirishga qurbimiz yetmasdi. Imkonsiz, najotsiz edik.
Davlatimiz rahbari g‘oyasi va tashabbusi bilan barcha viloyatlarda harbiy ta’lim maskani Temurbeklar maktabi deb ataldi. Ahamiyatlisi, bu o‘quv dargohlarining faqat nomi o‘zgarmadi, balki ulardagi muhit, shart-sharoitlar butunlay yangi mazmun, yangi qiyofa kasb etdi.
Mana, ko‘ryapsizmi, jamiyatning yangi qiyofasi qanday shakllanadi. Bugun Temurbeklar maktablarini tamomlagan yoshlar haqiqiy vatan himoyachisi, xalq himoyachisi bo‘lib chiqayotgani ham bor gap.
Yaqinda Termiz shahrida joylashgan, chegara qo‘shinlari tasarrufidagi harbiy akademik litseyda bo‘lganimizda, ana shu fikrlar xayolimizdan o‘tdi. Bu yerda tahsil olayotgan azamatlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, quvonchdan to‘lqinlanib ketdik. O‘quv auditoriyalari, o‘quvchilarning yotoq joyi, ovqatlanadigan, dam oladigan xonalar, kutubxona – barcha-barchasi zamonaviy qulayliklarga ega. Yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, kitobxonligi, hordiq chiqarishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, hatto iste’mol qilayotgan oziq-ovqat quvvati qat’iy nazoratga olingan. Litseydagi dars jarayonlari bugungi kun talablariga javob beruvchi o‘quv qo‘llanmalar, “Temur tuzuklari” bo‘yicha o‘tilayotgan kurslar, bu yerga jalb etilgan olimlar – bularning hammasi Amir Temur bobomizning bugungi avlodlarini tarbiyalashda o‘rnak olarli edi.
Yoki yana bir misol. O‘tgan yili harbiy qismlarda ilk bor “Amir Temur jangovar bayrog‘i uchun” musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini oshirish, harbiy an’analarni yanada mustahkamlash, buyuk ajdodlarimizga munosib mard va jasur, bilimli va jismonan baquvvat vatan himoyachilarini tarbiyalashda ushbu musobaqalar beqiyos ahamiyatga ega.
Ayni vaqtda azmi qat’iy, shijoatli askarlarimiz xalqaro maydonlarda o‘tkazilayotgan ko‘plab nufuzli harbiy musobaqalarda ham faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston harbiylari Xalqaro armiya o‘yinlari, “Kembriya patruli” va boshqa yirik harbiy-sport musobaqalarida bir necha yillardan buyon salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani barchamizni quvontiradi.
Yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada o‘tgan yili mamlakatimiz bo‘ylab “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harakatini tashkil etganimiz hamda barcha umumta’lim maktablarida mazkur harakatning 20 mingdan ziyod o‘quvchi yoshni qamrab olgan guruhlari tuzilgani farzandlarimiz qalbida vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidlash lozim.
Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra, endi so‘zlari o‘zbekcha bo‘lsa-da, mohiyati bilan eskicha qolgan, askar qalbida hech qanday ma’naviy-ruhiy tuyg‘u uyg‘otmaydigan “Harbiy qasamyod” o‘zgartirilib, xalq tiliga, diliga yaqin, qabul qiluvchini to‘lqinlantirib, ruhiyatini ko‘taruvchi “Vatanga qasamyod” matni yaratiladi. Davlatimiz rahbari aytdiki, murakkab xalqaro vaziyat, xavfsizlikka nisbatan xavf-xatar va tahdidlar kuchaygan hozirgi sharoitda biz O‘zbekistonning davlat suvereniteti, uning sarhadlari daxlsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashimiz shart. Bu bizning tarix va kelajak avlodlar oldidagi muqaddas burchimiz va majburiyatimizdir.
Mamlakatimizning harbiy doktrinasi mudofaaga asoslangan. Demak, yurtimizni, erkinligimizni mudofaa qilishga asoslangan harbiy qudratga, harbiy kuchga, harbiy tuzilmaga egamiz. Bugun jahonda o‘z Qurolli Kuchlarini har tomonlama ta’minlash, taraqqiy ettirish, jang san’ati, umuman, harbiy tarix borasida O‘zbekiston eng sara davlatlar qatorida turadi.
Shu o‘rinda “El-yurtimiz taqdiri – mening taqdirim, Vatanimning kelajagi – mening kelajagim”, degan ezgu tamoyilni har birimiz qalbimizga singdirib olishimiz kerak bo‘ladi. Bu juda muhim. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “O‘z farzandlarida yuksak vatanparvarlik ruhini kamol toptira olmagan davlat, qanday qudratli qurolga ega bo‘lmasin, mudofaa qobiliyatini mustahkamlay olmaydi”.
Yana bir muhim masala — harbiy safarbarlik. Amir Temur davrida o‘z qo‘shini — lashkarlari, sipohiylarini asosiy armiyaga jalb qilib, to‘ldirib borish uchun zabt etilgan tuman, shahar va viloyatlardan ular o‘z ixtiyorlari bilan ota-onalari rozi bo‘lishi evaziga askarlikka olingan. Bugun ham harbiy xizmatga imtiyoz uchun emas, balki vatan oldidagi muqaddas yigitlik burchi deb bilganlar safi tobora kengaymoqda.
“Bugungi tahlikali zamonda yashash, tashqi siyosatni ham, ichki siyosatni ham barqaror qilib, jonajon Vatanimiz manfaatini ta’minlash, xalqimizni rozi qilish oson emas. Buning uchun har kuni izlanib, bor imkoniyatlarni to‘liq ishga solish kerak”. Davlatimiz rahbarining bu fikri ayni muddaodir. Shu bois, yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari – yurtimiz mustaqilligi va xavfsizligi, hududiy yaxlitligini so‘zsiz ta’minlash – eng muhim muqaddas burch.
Albatta, kelgusi yetti yillikda ham O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi tashabbuslari xalqaro maydonda faol ilgari suriladi. Eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini jadal rivojlantiramiz. Yosh avlodni vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat g‘oyasi atrofida birlashtirish bo‘yicha samarali ish olib borishimiz zarur.
Bu borada Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Qurolli Kuchlarimizning qudrati, mudofaa qobiliyatimiz va harbiy salohiyatimizni yanada oshirish maqsadida milliy armiyamiz 2030 yilga qadar eng zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan ta’minlanadi. Qo‘shinlarning jangovar ruhi va salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilarni tayyorlash, ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida boshlangan ishlarimizni jadallashtiramiz. Shu munosabat bilan harbiy-jangovar qudrat va yuksak ma’naviy salohiyat O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur.
Bir so‘z bilan aytganda, milliy g‘oya, mafkura masalasida orqada qolmaslik va boshqa sohalarda ham yengilmaslik yo‘li sifatida bugun yoshlarimiz qalbida harbiy vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada jo‘shtirishimiz kerak. Bu yo‘lda esa, shak-shubhasiz, Prezidentimizning saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni birgalikda va hamjihatlikda bajarish g‘oyat muhim o‘rin tutadi.
Karim NORMATOV,
tarix fanlari doktori