“Davlat tili haqidagi”gi qonunning takomillashtirilishi ona tilimizning taraqqiyoti, rivojlanishi hamda o'ziga xos  boy bisotini namoyish etishga keng imkoniyat yaratyapti. Bu boradagi qonunchilikning mustahkamlanishi davlat tilining mamlakatimizda to'laqonli amal qilinishini ta'minlash bilan birga, uni chuqur o'rganish va hayotning barcha jabhalarida tatbiq etish zaruratini kun tartibiga qo'ymoqda.

Qiyosiy tahlil qilinganda, o'zbek tili dunyodagi go'zal va boy tillardan biri hisoblanadi. O'zbekona lutf, muomala, milliy qadriyatlar, odob-axloq esa ona tilimizga xos madaniyatning uzviy qismidir.

Tarbiyaning mana shu nozik jihatlarini hisobga olib, bugun maktabgacha ta'lim tizimida bolajonlarga ona tiliga mehr-muhabbat tuyg'ularini singdirish maqsadida turli qadriyat va an'analarimiz aks etgan sahna ko'rinishlari namoyish etilmoqda. SHu bilan birga, maktabgacha ta'lim tashkilotlari nomlanishidan tortib, rasmiy ish hujjatlarigacha davlat tili qoidalariga qat'iy amal qilinishi ta'minlanmoqda.

Jumladan, shu yil 1 avgustdan boshlab maktabgacha ta'lim tizimidagi barcha tashkilotlarda ish hujjatlari lotin alifbosiga asoslangan o'zbek alifbosida yuritilishi yo'lga qo'yildi.

Maktabgacha ta'lim vazirining tegishli buyrug'iga asosan, Toshkent shahri maktabgacha ta'lim bosh boshqarmasi ishchi guruhi tashkil qilinib, barcha turdagi maktabgacha ta'lim tashkilotlarida davlat tili to'g'risidagi talablarga rioya etilishi, peshlavha, e'lon taxtalari, bannerlarning lotin yozuviga asoslangan o'zbek tilida bo'lishi holati o'rganildi.

O'rganishda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tavsiyalar berildi. Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida kuzatuv kengashlari bilan hamkorlikda 18 ming 976 ta peshlavha, e'lon taxtasi va banner lotin yozuviga asoslangan o'zbek tilida rasmiylashtirildi.

Bog'chalar nomlanishida ona tilimizdagi sohaga mos so'zlardan foydalanishga alohida e'tibor qaratilyapti. Jumladan, joriy yilda bir nechta yangi maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyati yo'lga qo'yilib, ularga “Bilimlar olami”, “Bolalik akademiyasi”, “Zukko bolalar” kabi o'zbekona nomlar berildi. Kelgusida Toshkent shahridagi 473 ta maktabgacha ta'lim tashkilotining nomi qayta ko'rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Bosh boshqarma tasarrufidagi davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida “Ma'naviyat burchaklari”, “Vatanparvarlik burchaklari” lotin grafikasiga asoslangan o'zbek tilida tashkil etilgan. Bu sa'y-harakatlar bolajonlarning kelgusida vatanparvar, davlat tiliga hurmati baland insonlar bo'lib etishishida poydevor vazifasini o'taydi, deb umid qilamiz.