Prezident jamoat joylarida tinchlikni taʼminlash masalalariga alohida toʻxtaldi.

Milliy gvardiyaga qoʻshimcha vakolat berilib, park, xiyobon va bozorlarda jamoat tartibini saqlash ushbu tuzilma zimmasiga yuklandi.

Lekin bozorlarni “jinoyatdan xoli hudud”ga aylantirish borasida Milliy gvardiyaning faoliyati qoniqarli emasligi taʼkidlandi.

Shu yilning oʻzida Milliy gvardiya masʼul boʻlgan hududlardagi 236 ta jinoyatning 86 foizi aynan bozorda sodir etilgan.

Umuman, Milliy gvardiya javobgarligi ostidagi hududlarda jinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha tizim yaratilmagani koʻrsatilib, Milliy gvardiya qoʻmondonining jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha birinchi oʻrinbosari I.Ibragimov lavozimidan ozod etildi.

Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmaganligi uchun Milliy gvardiyaning Jizzax va Surxondaryo viloyatlari boshliqlari hamda Navoiy shahar qoʻriqlash boʻlimi boshligʻini ishdan boʻshatishga koʻrsatma berildi.