Taʼkidlanganidek, Milliy gvardiya organlariga huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, davlat obyektlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qoʻriqlash, jamoat tartibini saqlash, jamoat joylarida patrullik qilish kabi vazifalar yuklatilgan.
Shu bilan birga, amaliyotda mazkur vazifalarni toʻlaqonli amalga oshirish hamda xizmatni oʻtash davomida aniqlangan huquqbuzarliklarga nisbatan oʻz vaqtida choralar koʻrish uchun Milliy gvardiyaga maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish va maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga doir ayrim vakolatlarni berish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Milliy gvardiya organlari tomonidan jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar natijasida noqonuniy saqlangan 44 ta pnevmatik va ov quroli, 3 202 dona oʻq-dori olib qoʻyilgan.
Fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada boʻlishi taqiqlangan 1000 dan ortiq kastet, bita, pichoq va boshqa oʻtkir tigʻli buyumlarni olib yurgan 960 nafar fuqaro aniqlanib, tegishli chora koʻrish uchun ichki ishlar organlari xodimlariga topshirilgan.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlariga yuqorida koʻrsatib oʻtilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha ish yuritish (bayonnoma tuzish) vakolati berilmaganligi sababli yuqorida qayd etilgan holatlar boʻyicha toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlarga hal etish uchun yuborilgan. Bu oʻz navbatida ortiqcha hujjat aylanishi va, eng asosiysi, fuqarolarning sarson boʻlishiga olib kelgan.
Shu munosabat bilan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–27-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Mazkur Qonun bilan Milliy gvardiya organlarining xodimlariga mayda bezorilik, quroldan belgilangan tartibni buzgan holda foydalanish, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni olib yurishga oid maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha ishlarni koʻrib chiqish, bayonnomalar tuzish va ularni koʻrib chiqish uchun sudga yuborish yuzasidan qoʻshimcha vakolatlar berish nazarda tutilmoqda.
Qolaversa, bu kabi vakolatlar voyaga yetmagan shaxsni maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishga, gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, jamoat joylarida alkogol mahsulotini isteʼmol qilish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targʻib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, tilanchilik qilish hamda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish holatlarida ham amalga oshiriladi.
Bunda mazkur toifadagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati ichki ishlar organlarida ham saqlanib, huquqbuzarlik Milliy gvardiya xodimlari tomonidan aniqlangan taqdirda ularga jarima jazosini qoʻllash huquqi berilmoqda.
Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda qonuniylikni taʼminlash va asossiz javobgarlikka tortish holatlarining oldini olish maqsadida Milliy gvardiya organlari nomidan Qonunda koʻrsatilgan boshqarma (boʻlim) boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni qoʻrib chiqishga va jarima jazosini qoʻllashga haqli ekanligi belgilanmoqda.
Majlis soʻnggida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.