Muqovada aks etgan “Narvondagi odamlar” manzarasi — oddiy illyustratsiya emas, balki yosh Alisherning estetik dunyoqarashi va tafakkuri shakllanishidagi ilk ilhom manbai boʻlgan.
Oʻsha holat bizga bir muhim haqiqatni koʻrsatadi: insonning maʼnaviy va aqliy rivojlanishi koʻpincha koʻz bilan koʻrgan, qalb bilan his qilgan ilk taassurotlardan boshlanadi. Demak, insonning butun umriga yoʻl ochib beruvchi ilk tasavvurlar goʻdakligidan gavdalanadi va kelgusida bu shunchaki xotira emas, balki kelajagiga sochilgan maʼrifat shuʼlasiga aylanadi. Bu kichik shuʼla esa vaqt oʻtishi bilan yanada porlab, inson ruhini nurga toʻldiradi. Ana shunday ilhom va ruhiy taʼsirning yorqin namunasi Alisher Navoiyning kitob muqovasidagi oddiy rasmdan ilhom olib, umrini maʼrifat va ijodga bagʻishlaganidir. Shuningdek, tarix guvoh, jahon adabiyotida oʻz oʻrnini topgan yozuvchilar, kashfiyotchilar va ilmiy taraqqiyot asoschilari uchun ham bolalikda koʻrilgan bir manzara, eshitilgan bir hikoya turtki boʻlgan.
Biroq bugungi kunda manzara oʻzgargan. Avvalgi kabi kitob, jurnal, ertak va badiiy rasmlar bolalar ongidagi asosiy “ilhom manbai” emas. Ilgarigi avlodlar bobo va buvilar aytgan ertaklar orqali yaxshilik bilan yomonlikni ajratishni, adolat va mehr-oqibatni anglashni oʻrgangan boʻlsa, endi bolalarning ilk ichki taassurotlari koʻpincha telefon ekranlaridan, tez almashuvchi videolar va virtual obrazlardan shakllanyapti. Bunda eng xavflisi, ekranda koʻrilgan har bir sunʼiy obraz bola uchun haqiqat sifatida qabul qilinadi va uning ichki maʼnaviy mezoni shunga qarab shakllanadi. Shu bois, ekran bola uchun ilhom va maʼrifat narvoni boʻla oladimi yoki maʼnaviy boʻshliq sari yetaklaydigan chuqur jarmi, bu avvalo, bizning tanlovimizda namoyon boʻladi. Chunki telefon jonsiz bir matoh, unga “jon” bagʻishlaydigan, mazmun qoʻshadigan oʻzimiz. Agar biz milliy ruh, ezgu gʻoya va chuqur maʼnolar bilan toʻldirilgan, sof maʼrifat va teran fikrga xizmat qiladigan media muhit yaratmasak, bolalarimiz maʼno va maqsaddan uzoq, tashqi koʻrinishi yorqin, ammo ichki dunyosi boʻsh “virtual manej” qurshovida ulgʻayishi mumkin.
Virtual soyada soʻnayotgan mehr
Inson qalbi va ongidagi eng sof, eng pokiza tuygʻular, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlar, avvalo, oila bagʻrida shakllanadi. Bolaning maʼnaviy qiyofasi, axloqiy mezonlari va dunyoqarashida oila muhiti eng birinchi ustoz vazifasini oʻtaydi. Oiladagi har bir mehrli soʻz, samimiy muomala, yaxshi odatlar bola qalbida maʼnaviyatning ilk kurtaklarini uygʻotadi. Xalqimizning “Qush uyasida koʻrganini qiladi” degan maʼnoli maqoli ana shu azaliy haqiqatni yaqqol aks ettiradi. Ammo bugun oilalardagi qimmatli vaqtning katta qismi telefondagi virtual muloqot va tasvirlar namoyishi hisobiga “boyib”, haqiqiy muloqotlar kamayib bormoqda.
Bugun smartfon va boshqa gadjetlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib boʻlgan. Tom maʼnoda, biz ularsiz yashay olmaydigan boʻlib qoldik, tunu kun ajralmas hamrohimizga aylantirdik. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda mobil aloqa bilan taʼminlangan abonentlar soni qariyb 36,3 millionni tashkil etmoqda. Bu shuni anglatadiki, bizda kattalarning deyarli har birida, oʻsmirlarning aksariyatida smartfon bor, hatto ayrim oilalarda bir kishiga ikkitadan qurilma toʻgʻri keladi. Bu texnikaga boʻlgan “havas” tabiiy jarayon sifatida koʻrinishi mumkin, ammo aslida u ijtimoiy, maʼnaviy va iqtisodiy hayotda tub oʻzgarishlarga olib kelayotgan kuchli tendensiyadir.
Toʻgʻri, telefonning oʻzi neytral vosita, lekin undagi koʻngilochar manbalar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalar insoniyat munosabatlarining tabiiy oqimini oʻzgartira boshladi. Ilgari yaqinlik yuzma-yuz muloqotda, bir dasturxon atrofidagi samimiy suhbatda, koʻz koʻzga tushganidagi mehrda aks etardi. Endi esa oʻsha yaqinlik telefon ekranidagi almashinayotgan xabarlar va virtual “doʻstlar” suhbati soyasida soʻnib borayotgandek. Oxirgi statistik raqamlar biz yashab turgan zamonning qanchalik raqamli hayot tarziga oʻtib borayotganini koʻrsatadigan eng yorqin koʻzgudir. Bugun dunyo aholisining qariyb 70 foizi ijtimoiy tarmoqlarda faol ekani bu faqat axborot olish yoki koʻngilochar kontent isteʼmoli emas, balki odamlar kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanganini anglatadi.
Ijtimoiy tarmoqlar endi “bir qarab qoʻyish” yoki “boʻsh vaqt oʻtkazish” platformasi emas, balki shaxsiy munosabatlar, ish jarayonlari, savdo-sotiq, hatto siyosiy jarayonlarga taʼsir koʻrsata oladigan kuchli ommaviy muhitga aylandi. Bugun yoshlarimiz aksariyati “virtual olam”ning beqiyos labirintlarida kezib, u yerdan “yangi” axborotlar oqimini qabul qilmoqda. U yerda turli “sara xabar”lar, yangi trendlar, moda, hayotiy qarashlar bilan tanishadi. Bu bilan ular ijtimoiy tarmoqlardagi vaqtini oʻqish, izlanish, yangi koʻnikmalar egallashga emas, asosan, miyani chalgʻituvchi, bir martalik huzur bagʻishlaydigan, ammo maʼnaviy va amaliy foydasi yoʻq kontentlar hazmiga sarflayapti. Bunday “aqliy xomashyo”lar vaqt oʻtishi bilan fikrlash qobiliyatini pasaytiradi, chuqur tahlil qilish odatini yoʻqotadi va insonning oʻz hayotiga qoʻygan maqsadlarini ham xiralashtiradi. Bundan ham xavflisi, tarmoqlarda avj olgan “laykomaniya”, yaʼni layk va tomoshalar orqali oʻz qadrini baholash illati yoshlar ongini sekin-asta egallab bormoqda. Odamlar, ayniqsa, yoshlar voqea-hodisaning mohiyatini emas, balki qancha layk olishini oʻylaydigan boʻldi. Shu yoʻlda ular mantiqiy fikr va maʼnaviy mezonlarni qurbon qilib, xavfli, axloqqa zid, hatto hayot uchun xatarli harakatlarga qoʻl urayotir. Virtual olamning bu tarzdagi “yulduzlik qiymati” esa haqiqiy hayotdagi qadriyatlarni sekin-asta yemirib, jamiyatda maʼnaviy boʻshliq yaratish xavfini kuchaytirayotir.
Oʻzlikni anglatuvchi manba
Milliy ruhdagi kino, serial, klip, rolik va boshqa media mahsulotlar faqatgina koʻngilochar vosita emas, balki yosh avlod tafakkuriga yoʻnalish beradigan, ularning kimligini anglatadigan, milliy gʻurur va oʻzlikni uygʻotadigan maʼnaviy taʼsir manbai hisoblanadi. Bir necha yil avval “Shabnam” filmidagi bosh qahramon qiz ekranda paydo boʻlganidan soʻng koʻp oʻtmay, shahar koʻchalarida qirq kokil qilib soch yoygan, oʻzini oʻsha obrazga yaqinlashtirgan qizlar koʻpaydi. Bu yoqimli holat birgina badiiy obraz orqali yoshlarga qanchalik tez va kuchli taʼsir oʻtkazish mumkinligining yorqin isboti boʻldi. Demak, agar biz milliy ruhdagi sahna asarlarini koʻpaytirsak, ular orqali yoshlar qalbida milliy gʻurur va oʻzlikni anglash kabi maqsadlar chuqur ildiz otadi. Eng muhimi, bunday taʼsir quruq gap bilan emas, amal bilan yaratiladi.
Darhaqiqat, har bir yaratiladigan milliy kontent inson ongini yot gʻoyalardan asraydigan qalqon. U nafaqat profilaktika, balki maʼnaviy frontdagi kuchli qurol hamdir. Bu vazifa televideniye, blogosfera, raqamli media, teatr, kino, musiqa, kitob va sanʼatning har bir yoʻnalishida amalga oshirilishi mumkin. Masalan, milliy kontent faqat tarixiy yodgorliklar oldida suratga tushish yoki milliy liboslardagi fotolavhalar aksi bilan chegaralanmasligi lozim. U bolalar multfilmlarida, qissalar va oʻyinlarda, tarixiy seriallar, kinofilmlarda, internet tarmoqlaridagi chellenjlarda, musiqiy klip, teatr va sanʼat orqali aks etib, millatning tuygʻu va hissiyotini boyitishi kerak. Chunki bugun yoshlar uchun gʻoyalar maydonida kurash kechmoqda. Kim oʻz gʻoyasini taʼsirchanroq yetkaza olsa, kelajak shu tomonda boʻladi. Shuning uchun milliy kontentni faqat maʼrifiy emas, balki strategik resurs sifatida koʻrish vaqti keldi. U yoshlar ongidagi foydalanilmagan imkoniyatlar maydonini toʻldirishi, qalblariga mehr va iftixor olib kirishi, ona tilini, oʻz tarixini, oʻz xalqini sevishga undashi kerak.
Inson organizmi kabi jamiyat ham tashqi taʼsirlardan himoyalanishi uchun ichki maʼnaviy-mafkuraviy bardosh — ruhiy immunitetga muhtoj. U xalqning axloqiy qadriyatlariga, maʼnaviy yetukligiga, vatanparvarlik ruhiga, tarixiy xotirasiga bogʻliq holda shakllanadi. Hozirgi globallashuv, axborot xurujlari avj olgan sharoitda milliy kontentlar millatning maʼnaviy qalqoni boʻla oladi.
Shuhrat NORMURODOV,
jurnalist