Milliy mahsulotlarimiz “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar koʻrgazmasida namoyish etildi

    Oʻzbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining uchinchi biznes-forum doirasida “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etildi.

    Mazkur milliy koʻrgazmaga Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva va Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova tashrif buyurdi.

    Koʻrgazma “Vitebsk” konsert zalida oʻtkazildi. Unda mamlakatimizning qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, yengil sanoat, elektrotexnika, axborot texnologiyalari, turizm va hunarmandchilik kabi sohalarda ishlab chiqarilgan turli xil mahsulot va xizmatlar keng namoyish etildi.

    Taʼkidlash joizki, “Made in Uzbekistan” brendi ostida taqdim etilgan mahsulotlar Oʻzbekistonda mahalliy xomashyo asosida, zamonaviy texnologiyalar yordamida ishlab chiqarilgan boʻlib, ular sifat va eksportboplik jihatidan xalqaro talablarga toʻla javob beradi.

    Shu bilan birga, koʻrgazmada Belarus Respublikasining milliy mahsulotlari ham namoyish etildi. Bu ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida oʻzaro oʻrganish, tajriba almashish va yangi hamkorlik loyihalarini muhokama qilish uchun qulay muhit yaratdi.

    Koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston va Belarus tadbirkorlari oʻrtasida “B2B” muloqotlar, mahsulot taqdimotlari va savdo uchrashuvlari tashkil etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.