Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mahbus ayollar bilan muomala qilish va huquqbuzar ayollar uchun ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo choralarini qoʻllashga taalluqli qoidalariga (“Bangkok qoidalari”ga) bagʻishlangan ushbu trening, koronavirus sharoitlarini hisobga olgan holda, onlayn va oflayn shakllarda boʻlib oʻtmoqda.

Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va Daniya qiynoqlarga qarshi instituti (DIGNITY) hamkorligida tashkil etildi.

Mazkur trening “Inson huquqlari oyligi” hamda Milliy markaz bilan YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisining “Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimini barqaror rivojlantirishga koʻmaklashish” mavzusidagi qoʻshma loyihasi doirasida oʻtkazilmoqda.

BMTning “Bangkok qoidalari” qamoqda saqlanayotgan xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish borasidagi eng muhim hujjat hisoblanadi. Unda qonun chiqaruvchi va sud hokimiyati organlari vakillari, shuningdek qamoqxonalar xodimlari uchun nihoyatda zarur uslubiy tavsiyalar bayon etilgan.

Hujjatda qamoqda saqlanayotgan xotin-qizlarning hayot tarziga bevosita taalluqli boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirish tartib-taomillari atroflicha aks ettirilgan. Bundan tashqari, muqobil qarorlar qabul qilish yoʻli bilan qamoqda saqlanadigan ayollar sonini kamaytirishga doir muhim yoʻl-yoʻriqlar qayd etilgan.

Ayni chogʻda, “Bangkok qoidalari” qamoqda oʻz ota-onalari bilan birga saqlanayotgan bolalarning ehtiyojlarini taʼminlashga qaratilgan ilk xalqaro hujjat hisoblandi.

Bu hujjat normalari amaldagi BMTning Mahbuslar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalari va Qamoqda saqlash bilan bogʻliq boʻlmagan choralarga doir minimal standart qoidalari (“Tokio qoidalari”) talablariga qoʻshimchadir.

“Bangkok qoidalari”da qamoq rejimi bilan bogʻliq keng koʻlamdagi masalalar: sogʻliqni saqlash, reabilitatsiya dasturi, yaqinlar bilan koʻrishish huquqi, qamoqxona xodimlarini oʻqitish kabi sohalarga oid uslubiy prinsiplar qamrab olingan.

Trening davomida ishtirokchilar “Bangkok qoidalari”ni ish jarayonida qoʻllash va qamoqxonalarni gender bilan bogʻliq xususiyatlarni hisobga olgan holda boshqarish boʻyicha amaliy koʻnikmalarini oshiradi. Sohada uchrayotgan huquqbuzarliklar hamda mahbuslarni qiynoq va shafqatsiz muomaladan himoya qilish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratiladi.

Oʻz navbatida, ushbu trening “Bangkok qoidalari”ni amaliyotga tatbiq etish borasida oʻzaro hamjihatlik va hamkorlikni kuchaytirish istiqbollarini belgilab olishga xizmat qiladi.

Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati.