Toshkent koʻplab xalqaro sport tadbirlariga mezbonlik qilishi va ularni muvaffaqiyatli oʻtkazishi yurtimiz aholisi orasida sogʻlom turmush targʻibotini kuchaytirish qatorida xalqaro OAV nigohida ham boʻlib turibdi.
Shu asosda dunyoga mashhur VVS kompaniyasi Milliy olimpiya qoʻmitasiga “Oʻzbekiston – chempionlar yurti” nomli loyihani suratga olish boʻyicha taklif bilan chiqdi. Bugun ZOOM platformasida onlayn muloqot orqali ushbu loyiha atroflicha muhokama qilib olindi.
“Prezidentimiz Yangi Oʻzbekistonni bunyod etar ekanlar, bunda aholi salomatligiga, xalqimizning sport bilan shugʻullanishlariga katta ahamiyat qaratmoqdalar. Kuni kecha dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” turnirini yuqori saviyada oʻtkazdik. Aprel oyida professional boks, badiiy gimnastika, ogʻir atletika va qilichbozlik boʻyicha yirik musobaqalarni, iyun oyida sambo boʻyicha oʻsmirlar, yoshlar va kattalar oʻrtasida Osiyo chempionatini qabul qilamiz. Yurtboshimiz tomonidan shu yilning oʻzida xalqimizning sportga boʻlgan qiziqishini yana-da oshirish maqsadida 20 dan ziyod yirik xalqaro turnirlar oʻtkazish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan. Yana bir muhim jihat Toshkent 2025-yilda IV yoshlar Osiyo oʻyinlariga mezbonlik qiladi. Mamlakatimiz tarixida ilk marotaba tashkil etiladigan bunday yirik kompleks musobaqasi Yangi Oʻzbekistonning salohiyatini butun dunyoga namoyish etish uchun zoʻr imkoniyatdir”, – dedi Oybek Kasimov.
“Oʻzbekiston – chempionlar yurti” loyihasida BBC World News kompaniyasi tomonidan mamlakatimizning sport salohiyati bilan birgalikda turizm borasidagi imkoniyatlarini ochib berish koʻzda tutilgan.
Onlayn uchrashuvda ishtirok etgan xalqaro tashkilot vakillari shu paytga qadar Ozarbayjon, Qozogʻiston, Rossiya kabi MDH mamlakatlari bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirganligi yuzasidan maʼlumot berishdi.
Suhbat davomida Oʻzbekiston MOQ va BBC World News kompaniyasi oʻrtasidagi ushbu loyihani amalga oshirish rejalari, tomonlardan talab etiladigan majburiyatlar muhokama qilib olindi, deb xabar beradi Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.