Hududlarni qoʻllab-quvvatlash va tibbiy bilim berish boʻyicha oʻz dasturining navbatdagi bosqichini Milliy palata Navoiy viloyatida amalga oshirishdan boshladi.

Milliy palata rahbari va Navoiy viloyati hokimi oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda shuningdek tibbiy turizm sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari, hudud sogʻliqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish, viloyatga chet el investitsiyasi va innovatsion tibbiy texnologiyalarni jalb etish masalalari, jumladan hududda Rossiya investitsiyasi koʻmagida zamonaviy flebologik xizmatini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari muhokama etildi.

Tashrif doirasida Milliy palata va Navoiy viloyati hokimiyati oʻrtasida tibbiyot sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Tarkibida rux bor dori vositalarini topshirish uchun mamlakatning 6-7 ta hududlari tanlab olingan. Buning uchun chekka hududlarning aholi yashash punktlaridan maxsus guruhlar — boshlangʻich sinf oʻquvchilari (1-4 sinf) tanlab olingan. Tadbir, shuningdek aholining keng qatlami, ayniqsa ota-onalar va bolalar orasida zarur tibbiy bilimlarni yoyishni maqsad qilgan.

Bugun rux kabi mikroelement COVID-19ning yengil shakli bilan kasallangan bemorlarni davolashda qoʻl kelayotgani uchun unga jiddiy eʼtibor qaratilgan. Rux organizmning immun himoyasiga koʻmaklashish va normal oʻsishi uchun zarur. Bu ayniqsa bolalar uchun juda muhim. Organizmda ruxning taqchilligi bilan bogʻliq holatlarda odatda suyaklarning oʻsishi sekinlashishi kuzatiladi. Shuning uchun ayniqsa chekka hududlarda yashayotgan aholining tibbiy bilimini oshirishga qaratilgan tadbirlar bugun juda dolzarb sanaladi, deb xabar beradi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi matbuot xizmati.