Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni (PF-27-son, 24.02.2025-y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, Prezident huzuridagi Statistika agentligi Milliy statistika qoʻmitasi sifatida qayta tashkil etiladi.
Statistika ishlari samaradorligini yanada oshirishning quyidagi ustuvor yoʻnalishlari belgilandi, jumladan:
- makroiqtisodiyot va tarmoqlar darajasida statistik kuzatuv oʻtkazish tizimini hamda ularning metodologiyasini xalqaro standart va tavsiyalarga muvofiq takomillashtirib borish;
- integratsiya jarayonlarini kengaytirish orqali statistik hisobotlarni qisqartirish va biznesga hisobot topshirish yukini kamaytirib borish;
- “mahalladan – respublikagacha” tamoyili boʻyicha statistik koʻrsatkichlarni shakllantirish tizimini yaratish orqali maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlash.
2025-yil yakunigacha “Hududlar statistikasi” axborot tizimi ishga tushiriladi.
2025-yil yakuni boʻyicha hisobot davridan boshlab xodimlar soni yillik oʻrtacha 5 kishidan kam boʻlgan va yillik tushumi BHMning 2 000 barobarigacha boʻlgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yillik statistika hisobotini topshirish majburiyatini bekor qilib, har uch yilda bir marotaba statistik hisobot topshirilishi belgilandi.