«Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan ayollarning uy olishi uchun boshlangʻich badal pullarini toʻlab berish tizimi joriy etildi.
Ushbu tizim orqali birgina oʻtgan 2020-yilda ana shunday ayollarning 1 246 nafariga uy-joy sotib olish uchun Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan 21 milliard 746 million soʻm miqdoridagi boshlangʻich badal pullari toʻlab berildi.
Ehtiyojmand ayollarni yana-da kengroq ijtimoiy himoya qilish maqsadida mazkur jamgʻarmani Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi sifatida qayta tashkil etish belgilandi.
Jamgʻarma tomonidan ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslar, nogironligi boʻlgan farzandlarini tarbiyalayotgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarga uy-joylarning boshlangʻich badalini toʻlab berish, ayollar sogʻligʻini mustahkamlash, ularni sportga keng jalb etish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, bandligini taʼminlash bilan bogʻliq tadbirlar moliyalashtiriladi.
Buning uchun esa davlat byudjetidan har yili 300 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratiladi.
Joriy yilda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlar uchun ipoteka kreditlari boʻyicha boshlangʻich badalni toʻlab berish va ijtimoiy uy-joylar sotib olish uchun mahalliy byudjetlarga noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy-joy bilan taʼminlashga 10 milliard soʻmdan, otasidan ayrilgan, yolgʻiz onasi qaramogʻida boʻlgan voyaga yetgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlashga esa 5 milliard soʻmdan mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan».