Yaxshi dam — mehnatga hamdam, deydi dono xalqimiz. Agar dam olish kunlarimiz sport bilan oʻtsa, nur ustiga nur boʻladi. Sir emas, yurtimizda faoliyat olib borayotgan turli soha xodimlari oʻrtasida sport madaniyatini oshirish, xodimlarning jismoniy chiniqishi va oʻzaro doʻstona munosabatlarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Energetika vazirligi, Oʻzbekiston Energetika, neft-gaz, geologiya kasaba uyushma xodimlari Respublika kengashi, Issiqlik elektr stansiyalari AJ hamda Smart integrity ME MCHJ hamkorligida 11-noyabr – Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan Issiqlik elektr stansiyalari va markazlarida mehnat qilayotgan 32 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan xodimlar oʻrtasida “Inson qadri uchun, el baxti uchun” shiori ostida mini futbol musobaqalarining respublika bosqichi oʻtkazildi.
29-oktyabrdan 1-noyabrga qadar oʻtkazilishi rejalashtirilgan mazkur musobaqada 100 dan ortiq energetik xodimlar “Kasaba uyushmasi kubogi” uchun oʻzaro bellashdi.
31-oktyabr kuni final oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Kuchli jamoalar oʻrtasida kechgan oʻyinlar natijasida quyidagi 4 jamoa final bosqichiga yetib kelib, gʻoliblik uchun kuch sinashdi:
Fargʻona issiqlik elektr markazi filiali;
Talimarjon IES AJ;
Angren IES AJ;
Toshkent IES AJ.
Uchinchi oʻrin uchun kechgan bahsda Angren IES AJ jamoasi Toshkent IES AJ ustidan 1:0 hisobida gʻalaba qozondi.
Final oʻyinida esa Talimarjon IES AJ jamoasi Fargʻona issiqlik elektr markazi filiali aʼzolarini 4:2 hisobida magʻlub etdi.
Shunday qilib, 1-oʻrin Talimarjon IES AJ;
2-oʻrin — Fargʻona issiqlik elektr markazi filiali;
3-oʻrin – Angren IES AJ jamoasiga nasib etdi.
Mazkur jarayonda barcha ishtirokchilar oʻz jamoasi nomini himoya qilish maqsadida maydonda murosasiz qizgʻin bahslar olib bordi. Sogʻlom turmush tarzini targʻib qiluvchi musobaqalar yakunida gʻolib jamoalar kubok hamda esdalik sovgʻalari, shuningdek, “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng yaxshi toʻpurar”, “Eng yaxshi futbolchi” kabi nominatsiyalar boʻyicha ham taqdirlandi.
— Final oʻyinlari davomida xodimlarimizning nafaqat ish faoliyatida, balki sportda ham masʼuliyatli va iqtidorli ekaniga amin boʻldik, — deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Temirbek Bekmirzayev. — Bunday sport musobaqalarini yanada keng qamrovda oʻtkazish va xodimlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini rivojlantirish niyatidamiz. Zero, sport har bir insonning kundalik hayotida muhim oʻrin egallaydi. Buning uchun yurtimizda barcha sharoit yetarli.
Rashid Xoʻjamov,
Yuz.uz muxbiri
Hakim Yuldoshev olgan suratlar
Hamkorlik materiali