Minskda MDHga aʼzo davlatlar Mudofaa vazirlari kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ham mazkur yigʻilishda ishtirok etdi.

    Yigʻilish avvalida Hamdoʻstlik davlatlari mudofaa vazirlari Minskda joylashgan “Gʻalaba maydoni”dagi “Abadiy alanga”ga gulchambarlar qoʻydi.

    Belarus Respublikasi Milliy kutubxonasida oʻtkazilgan yigʻilish davomida mudofaa idoralari delegatsiyalari rahbarlari MDH formatida koʻp tomonlama harbiy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini koʻrib chiqdilar va maʼqulladilar, jumladan:

    • qoʻshma harbiy-ilmiy faoliyat, mudofaa idoralarining oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishdagi zamonaviy yondashuvlari va amaliy tajribasi bilan bogʻliq masalalar;
    • 2025-yilga moʻljallangan Qoʻshma tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

    Shuningdek, MDH Mudofaa vazirlari kengashi aʼzolarining qaroriga muvofiq, Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Andrey Belousov MDH Mudofaa vazirlari kengashining raisi etib saylandi.

    Yigʻilish ishtirokchilari MDHga aʼzo davlatlarning havo hujumidan mudofaa qoʻshma tizimini takomillashtirish va rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar. MDH Mudofaa vazirlari kengashi huzuridagi Havo hujumidan mudofaa masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi qoʻmita raisi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

    Mudofaa vazirlari kengashi majlisi yakunlari boʻyicha bir qator hujjatlar MDH tashqi ishlar vazirlari, hukumat rahbarlari va davlat rahbarlari kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.

    Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti