MDH Ijroiya qoʻmitasi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, unda Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston, Oʻzbekiston, MDH PA Kengashi kotibiyati va Hamdoʻstlik Ijroiya qoʻmitasi vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishni ochar ekan, Ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari – MDH Ijrochi kotibi Beketjan Jumaxanov Kengash turizm sohasiga jiddiy zarar yetkazgan COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq murakkab vaziyatni bartaraf etish boʻyicha salmoqli ishlarni amalga oshirganini taʼkidladi.
Tadbir davomida Kengash aʼzolari turizmni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar. Xususan, sayyohlik sohasini boshqarish boʻyicha tajriba almashildi, MDH davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari, jumladan, Buyuk Ipak yoʻli salohiyatidan foydalanish, agro, ekoturizm va sogʻlomlashtirish turizmi masalalari koʻrib chiqildi.
Kengash aʼzolari “Hamdoʻstlikning qimmatbaho gavhari” xalqaro loyihasini amalga oshirishga yondoshuvlar, MDHga aʼzo davlatlarning turizm sohasidagi tayanch tashkiloti sifatida “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti tomonidan olib borayotgan ishlarni muhokama qildilar.
Yigʻilishda Hamdoʻstlik mamlakatlarida turizmni rivojlantirish uchun xalqaro mukofot taʼsis etish masalasi ham koʻrib chiqildi. Mukofot toʻgʻrisidagi nizom loyihasini Kengashning navbatdagi yigʻilishida belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun ishlab chiqish boʻyicha Ishchi guruh tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
MDHga aʼzo davlatlar Turizm kengashining navbatdagi yigʻilishi va Turizm yarmarkasi 2023-yilda Qozogʻistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.