Mintaqada suv masalalari muhokama qilindi

    2025-yil 14-avgust kuni Qozogʻistonning Ostona shahrida Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasining 90-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Unda Suv xoʻjaligi vaziri Sh. Xamrayev boshchiligida Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.

    Tadbirni Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari K.Bozumbayev rasman ochib berdi.

    Yigʻilishda Qozogʻiston Suv resurslari va irrigatsiya vaziri N.Nurjigitov, Tojikiston Respublikasi Energetika va suv resurslari vazirining birinchi oʻrinbosari D.Shodi hamda Turkmaniston Suv xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi D.Gendjiyev (onlayn) oʻz nutqlari bilan ishtirok etib, muhim masalalar yuzasidan fikr bildirdilar.

    Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri Sh.Xamrayev Davlatimiz rahbari Sh. Mirziyoyevning suv xoʻjaligi sohasiga alohida eʼtibor qaratayotganini taʼkidlar ekan, joriy yil avgust oyida Suv kodeksi hamda Suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025–2028-yillarga moʻljallangan dasturi tasdiqlanganligini aytib oʻtdi.

    Yigʻilishda mintaqamizda suv tejovchi innovatsion texnologiyalarni keng koʻlamda joriy etish masalasi bugungi kunda tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

    Shuningdek, 2025-yilgi vegetatsiya mavsumida kuzatilayotgan suv tanqisligini yumshatish maqsadida Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar yuzasidan maʼlumot berildi.

    2025-yil vegetatsiya mavsumi ogʻir kechganligiga qaramasdan Oʻzbekiston tomoni Qozogʻiston oldidagi majburiyatlarini toʻliq bajarganligi taʼkidlandi.

    Shu bilan birga, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish masalalariga bagʻishlangan seminar tashkil etish, transchegaraviy suv resurslarini samarali boshqarish yoʻnalishida tajriba almashish hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish zarurligi bildirildi.

    Yigʻilishda komissiya ijro etuvchi organlari hisoblangan “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xoʻjaligi birlashmalari, Ilmiy-axborot markazi va kotibiyati rahbarlari, shuningdek Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi ijroiya qoʻmitasi raisi, Qirgʻiz Respublikasining Qozogʻistondagi elchisi, Jahon Banki, Osiyo Taraqqiyot Banki, Shveysariya xalqaro hamkorlik tashkiloti, Germaniya xalqaro hamkorlik agentligi, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi kabi tashkilotlarning masʼul vakillari ishtirok etdi.

    Mintaqada mavjud suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi Davlat rahbarlarining sammitlaridan kelib chiqadigan vazifalar muhokama qilindi.

    Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi tashkiliy tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish boʻyicha ishchi guruh faoliyati toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilindi.

    “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xoʻjaligi birlashmalari rahbarlarining Amudaryo va Sirdaryo havzalarida 2025-yil vegetatsiya davri uchun suv omborlari limitlari va ishlash rejimlaridan foydalanish natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlari eshitildi.

    Shu bilan birga, Qozogʻiston va Oʻzbekiston tomonlari oʻrtasida 2026-yil vegetatsiya davri boshlangunga qadar davlat chegarasidagi Chordara suv omboriga suv kirishini birgalikda aniqlash maqsadida qoʻshma gidropost oʻrnatishga, shuningdek, gidromet xizmatlari oʻrtasida harakatlarni muvofiqlashtirishni yaxshilash boʻyicha qoʻshma choralar koʻrishga kelishib olindi.

    Yigʻilish doirasida xalqaro moliya institutlari, jumladan, Osiyo taraqqiyot banki va Jahon banki, shuningdek, boshqa xorijiy donor tashkilotlari vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi.

    Uchrashuvlar chogʻida xorijiy ekspertlar bilan transchegaraviy suv resurslarini boshqarish, gidrotexnika inshootlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish, shuningdek, mazkur yoʻnalishlarda amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

    Qozogʻiston Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi vakillari hamda Tojikiston Respublikasi Energetika va suv resurslari vazirligi rahbariyati bilan 2025-yil 30-may kuni imzolangan “Bahri Tochik” suv omborining 2025-yil iyun avgust oylarida ish rejimini belgilash boʻyicha imzolangan Bayonning ijro holati qoʻshimcha ravishda muhokama etildi. Uchrashuv yakunlari bilan barcha tomonlar Bayonda keltirilgan masalalarni oʻz muddatlarida amalga oshirilishi tarafdori ekanliklarini taʼkidlab oʻtdi.

    Shuningdek, Turkmaniston suv xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari D.Ishankuliev bilan Suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻzbek-turkman Hukumatlararo qoʻshma komissiyasining navbatdagi yigʻilishida koʻrib chiqiladigan masalalar yuzasidan muzokara olib borildi.

    Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasining navbatdagi 91-yigʻilishini Turkmanistonda oʻtkazishga kelishildi.