Bu haqda Oʻzbekiston Energetika vazirligi xabar bermoqda.
Olmaota shahri, 2025-yil 22-noyabr — Olmaota shahrida Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston energetika hamda suv xoʻjaligi vazirlarining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Muzokaralarda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamrayev, Qozogʻiston Respublikasi Energetika vaziri Yerlan Akkenjenov, Qozogʻiston Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov, Qirgʻiziston Respublikasi Energetika vaziri Taalaybek Ibrayev va Qirgʻiziston Respublikasi Suv resurslari, qishloq xoʻjaligi va qayta ishlash sanoati vaziri oʻrinbosari Almaz Jeenaliyev ishtirok etdi.
Tomonlar suv-energetika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish parametrlari toʻgʻrisida kelishib oldilar. Toʻxtagʻul suv omboridagi murakkab vaziyatni hisobga olgan holda, uchrashuv ishtirokchilari oʻzaro elektr energiyasi yetkazib berish orqali bir-birlarini qoʻllab-quvvatlash, isitish mavsumini muvaffaqiyatli oʻtkazish va kelgusi vegetatsiya mavsumiga tayyorgarlik koʻrish uchun birgalikdagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishga qaror qilishdi.
Qozogʻiston va Oʻzbekiston kuz-qish mavsumida Qirgʻizistonga elektr energiyasi yetkazib berishga tayyorligini tasdiqladi. Bu Qirgʻiziston tomoniga qishda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini kamaytirish va Toʻxtagʻul suv omborida suv toʻplash imkonini beradi. Jamgʻarilgan hajm vegetatsiya davrida janubiy hududlarning qishloq xoʻjaligi yerlarini barqaror sugʻorishni taʼminlash uchun Qozogʻiston va Oʻzbekistonga yoʻnaltiriladi.
Bundan tashqari, mintaqada isteʼmolni kamaytirish va energiyani tejash boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Muzokaralar ishtirokchilari hamkorlikdagi ishlar yaxshi qoʻshnichilik ruhida olib borilayotgani va butun Markaziy Osiyoda energetika xavfsizligi va barqarorligini mustahkamlashga qaratilganini taʼkidladilar. Shuningdek, Oʻzbekiston tomoni tranzit, yetkazib berish va energiya tizimini muvozanatlash uchun texnik shartlarni taʼminlashga tayyorligini tasdiqladi.
Yigʻilish yakunida 2026-yil vegetatsiya davri uchun qishki elektr energiyasi yetkazib berish va suv toʻplash hajmlarini huquqiy jihatdan mustahkamlovchi uch tomonlama bayonnoma imzolandi.








