Mirodilning yangi hayoti yangi xonadon ostonasidan boshlandi

    Voyaga yetib o‘z yo‘lini topishga urinayotgan Mirodilning hayotida bugun yana bir quvonchli voqea ro‘y berdi — u davlatimiz tomonidan berilgan va faqat o‘ziga tegishli bo‘lgan shaxsiy uyiga ko‘chib o‘tdi.

    Mirodil Ergashev 2002-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Tug‘ilganiga 15 kun bo‘lganida baxtsiz hodisa sabab ota-onasidan erta yetim qolgan. 15 yoshidan sartaroshlik hunarini o‘rganib, hozirgi vaqtda ko‘plab mijozlarga ega usta-sartarosh bo‘lib yetishdi.

    Voyaga yetib o‘z yo‘lini topishga urinayotgan Mirodilning hayotida bugun yana bir quvonchli voqea ro‘y berdi — u davlatimiz tomonidan berilgan va faqat o‘ziga tegishli bo‘lgan shaxsiy uyiga ko‘chib o‘tdi.

    Mirodilning tog‘asi va vasiysi Abduvohid Ochilov Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-oktyabrdagi 656-son qarori asosida yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joy berilishini eshitdiyu, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga murojaat qildi.

    Vazirlik tomonidan ushbu murojaat alohida nazoratga olinib, tegishli vazirlik va tashkilotlar, shuningdek Uchtepa tumani hokimligi bilan hamkorlikda qisqa muddatda o‘rganib chiqildi hamda Mirodil Ergashevga poytaxtimizning Yunusobod tumani 2-dahasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan bir xonali xonadon ajratildi.

    Bir oila — katta jamiyatning bo‘lagi. Davlatning rivoji va taraqqiyoti jamiyatning muhim bo‘g‘ini — oilalarning mustahkamligiga bog‘liqdir. Bu borada 21 yoshli Mirodilning yangi hayoti ushbu xonadon ostonasidan boshlandi, deb ayta olamiz.

    Ma’lumot uchun: 2021-yilda 710 nafar (89,6 mlrd so‘m ajratilgan), 2022-yilda 388 nafar (57 mlrd so‘m ajratilgan) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uy-joy bilan ta’minlandi. 2023-yilda 424 nafar bu kabi bolalarni uy-joy bilan ta’minlash rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu vazifalar ijrosi tegishli tashkilotlar va mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda bosqichma-bosqich ta’minlanmoqda.