Mirzaobod tumani sobiq hokimi jinoiy javobgarlikka tortildi

    Joriy yilning 17-oktyabrida JIB Xovos tumani sudida 2020-2023-yillarda Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida hokim vazifasida ishlagan Jonibek Yariyevning jinoiy ishi kassatsiya tartibida koʻrib chiqildi.

    Sud tergovida maʼlum qilinishicha, J.Yariyev muqaddam jinoyat ishlari boʻyicha Oqoltin tuman sudining 2024-yil 16-avgustdagi hukmiga koʻra, JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan 1-yil 6 oy mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2-yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Xovos tuman sudining 2025-yil 28-iyul kungi hukmiga koʻra esa J.Yariyevga JK 205-moddasi 2-qismi “a” bandi hamda 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan uzil-kesil 2-yil davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilish, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2-yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi va BHMning 105 baravari miqdorida 28 mln 350 ming soʻm jarima jazosi tayinlangan.

    Sudning hukmiga koʻra, sudlanuvchi tuman hokimi lavozimida ishlab kelib, mansab vakolatini suiisteʼmol qilgan holda Prezidentning 2020-yil 1-maydagi “Sirdaryo viloyatida joylashgan «Sardoba suv ombori” toʻgʻonida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi F-5569-sonli Farmoyishi hamda Hukumating 2020-yil 19-maydagi “Sirdaryo viloyatidagi Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida aholi uy-joylarini qurish va taʼmirlash, ijtimoiy, ishlab chiqarish infratuzilmalari bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 294-sonli qarori talablariga zid ravishda “Sardoba suv ombori” toʻgʻonidan suv toshishi natijasida jabr koʻrgan oilalar uchun 2020-yil davomida qurilgan koʻp qavatli uy-joylarni topshirishda qonunbuzarlikka yoʻl qoʻygan va davlat va jamiyat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan.

    Jumladan, suv toshqini roʻy bergan vaqtda tumandagi “Navbahor” mahallasi Baxmal koʻchasida yashagan Sh.Q.ga zarar koʻrgan xonadoni uchun bolalar bogʻchasidan turar-joy ajratilgan boʻlsa-da, unga asossiz ravishda, uy-joyga egalik qilish huquqini beruvchi davlat orderi va Xalq deputatlari Mirzaobod tuman Kengashining qarorisiz, Mirzaobod tumani hududidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida hodisa oqibatida uy-joyi buzilgan yoki yashab boʻlmaydigan holatga kelgan oilalar uchun 2020-2021-yillar davomida qurilgan qiymati 375,6 mln soʻmni tashkil qilgan xonadonlardan birini berib yuborgan.

    Bundan tashqari, u jinoiy harakatlarini davom ettirib, Sardoba tumani “Yurtdosh” mahallasida yashagan N.A.ga, Mirzaobod tumani “Navbahor” mahallasida yashagan G.I.ga va Mirzaobod tumani “Haqiqat” mahallasida yashagan H.X.larga ham yuqoridagi kabi yangi qurilgan uylardan ajratib bergan.

    Shu bilan birga, u xalq deputatlari Kengashining rahbari sifatida uy-joy taqsimlashda buzilgan yoki yashab boʻlmaydigan holatga kelib qolgan uy-joyda ikki va undan ortiq oila yashaganligidan qatʼiy nazar, har bir uy-joy kadastriga muvofiq bitta uy-joy berilishini nazarda tutuvchi tartibni qasddan buzib, ayrim oilalarga ikki-uchtadan yangi qurilgan uylardan ajratib bergan.

    Qisqa qilib aytganda, sud hukmiga koʻra, J.Yariyev suv omboridagi texnogen ofat natijasida moddiy zarar koʻrgan fuqarolarga ajratilgan uy-joylardan xalq deputatlari Mirzaobod tumani kengashi qarorlari asosida 13 nafar fuqaroga hamda Sardoba tumanidan 1 nafar fuqaroga asossiz berigan.

    J.Yariyev va uning advokati kassatsiya shikoyatida, birinchi instansiya sudi tomonidan guvohlarning koʻrsatuvlari inobatga olinmaganligi, uy-joylarni hodisa oqibatlarini bartaf etish boʻyicha tuzilgan Respublika Ishchi guruhi va Majlis bayonlari hamda tuman halq deputatlari kengashlarining qarorlari asosida ajratish haqidagi orderlarga imzo qoʻyganligi, biroq birinchi instansiya sudi tomonidan ushbu holatlarga eʼtibor qaratmaganligi haqida vajlarni keltirgan.

    Kassatsiya tartibidagi sud sudlanuvchini 2020-2021-yillar davomida qurilgan har bir xonadoning qiymati 375,6 mln. soʻmdan boʻlgan bir necha uylarni tarqatganlikdagi jinoiy harakatlarini toʻgʻri kvalifikatsiya qilingan deb hisobladi.

    Yuqorida bayon etilganlarga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudlov hayʼati, keltirilgan shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirishni va sud hukmi oʻzgarishsiz qoldirishni lozim deb topgan.