“Toshshahartransxizmat”ning xabar berishicha, 101-sonli yoʻnalishda qatnovchi MAN rusumli avtobus soat 05:40 larda botib qolgan.
Yoʻlning qatnov qismida olib borilgan (suv quvurlari oʻtkazilgan va suv oqib chiqishi natijasida yer choʻkishi kuzatilgan) taʼmirlash ishlaridan soʻng yoʻl qatnov qismi avtobusning ogʻirligini koʻtara olmasdan, transport vositasi oʻng tomoni yerga choʻkib harakatdan toʻxtagan.
Voqea joyiga «5-Avtobus saroyi» filiali rahbari va masʼul xodimlar yetib borib, avtobusni yerdan olib chiqish choralarini koʻrgan va soat 10:10 larda avtobus choʻkish joyidan olib chiqilgan. Mazkur hodisa oqibatida yoʻlovchilarga tan jarohati yetmagan.
Hozirda avtobus soz holatda boʻlib, sanitar holati tartibga keltirilib, qayta yoʻnalishda xizmat koʻrsatish uchun tasarruf etilgan.
“Toshkent shahar suv taʼminoti” xabariga koʻra, bu yerda 400 diametrli quvur yangilanmoqda. Ishlar tizimli ravishda amalga oshirilib, kavlangan chuqurlar koʻmib borilmoqda.
Qurilish hududiga yaqin joydan oʻtgan tarmoqda yuzaga kelgan nosozlikdan sizib chiqqan suv koʻmilgan chuqurlarning tuproq qismi keskin choʻkishiga sabab boʻlgan. Transport vositalari ana shu chuqurga bir tarafi bilan tushub qolgan», — deyiladi xabarda.
Hozirda tuman suv tarmoqlari boʻlimi hamda bu yerda ish olib borayotgan qurilish tashkiloti bilan birgalikda hosil boʻlgan chuqurlar bartaraf etilmoqda. Holat takrorlanmasligi uchun zarur choralar koʻrilmoqda.









