Vazir oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasini rivojlantirishda olib borilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar va kelajakdagi rejalar bilan yuqori martabali mehmonni tanishtirdi. O‘z o‘rnida, elchi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik darajasining keskin oshishiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Misrga amalga oshirgan oliy darajadagi tashrifi sabab bo‘lganligini bildirdi.
Uchrashuv davomida tomonlar istiqbolda hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ishlar yuzasidan fikr almashdilar.
Jumladan, ikki davlat universitetlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, zargarlik, muhandislik, amaliy san’at, arab tili, jurnalistika yo‘nalishlarida professional va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma hamda malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, joriy yilning oktabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Innoweek.uz” innovatsion g‘oyalar haftaligida Misr oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etish uchun taklif etildi.
Suhbat davomida vazir I.Abdurahmonov 10 dan ortiq paxtachilik sohasidagi mutaxassislarining Misr paxta arbitraji va sinovi tashkilotida (CATGO) malaka oshirganini mamnuniyat bilan tilga oldi.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar ta’lim va ilm-fan sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga imkoniyatlar kengiligi va bu imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligini bildirdi, deya xabar bermoqda Vazirlik axborot xizmati.