Misr investorlari bilan 15 million dollarlik shartnomalar imzolandi

    Biznes 21 Fevral 2023 1233

    Misr Arab Respublikasida Oʻzbekiston-Misr biznes forumi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasi tarkibida «Oʻzcharmsanoat» uyushmasi rahbariyati ishtirok etib, mazkur mamlakatning charm-poyabzal kompaniyalari va investorlar bilan qator muzokaralar oʻtkazdi.

    Unda «Oʻzcharmsanoat» uyushmasi hamda Misrning “Al-Rowad” kompaniyasi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqotda soʻngi yillarda yurtimiz charmsanoatining ishlab chiqarish salohiyati, investitsion muhit, eksport imkoniyatlar, xom ashyo bazasi toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi. Shuningdek sohaga sarmoya kiritayotgan xorijiy investorlarga taqdim etilayotgan bojxona, soliq imtiyozlar, transport-logistika yoʻnalishlari boʻyicha taqdimot oʻtkazildi.

    Maʼlumot oʻrnida “Al-Rowad” kompaniyasi 1920-yilda Misrning Qohira shahrida tashkil etilgan. 95 yildan koʻproq vaqt va toʻrt avlod davomida korxona bufalo terisidan sifatli charm mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Yuqori sifat, ishonchli mahsulot va innovatsiyalarni taklif etadigan kompaniyaning yillik sotuv hajmi – 4 million dollarni tashkil etadi.

    Qayd etish kerak, bugungi kunga kelib, terini qayta ishlaydigan davlatlar qatorida ikki davlat teng mavqega egadir. Misr Arab Respublikasining charm mahsulotlari hajmining 80 foizini butun dunyoga, jumladan, Italiyaga, Ispaniya, Turkiya, Xitoy, Hindiston, Vyetnam boshqa bir qator davlatlarga eksport qilib keladi.

    Misr Arab Respublikasining “BN Shaker” kompaniyasi bilan boʻlib oʻtgan muzokaralarda esa ikki davlat sarmoyalari ishtirokida mavsumiy poyabzallar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirish masalasi muhokama etildi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Afrika davlatlari bozoriga eksport qilish boʻyicha takliflar oʻrganib chiqildi.

    Erishiladigan har bir kelishuv ijrosini oʻz vaqtida va toʻliq taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi elchixonasi va xorijiy hamkorlar bilan barcha choralar koʻrib boriladi.

    Misrda boʻlib oʻtgan biznes forum doirasidagi muloqotlar, B2B muloqotlarda mamlakatimizda charm mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha jami 15 million dollarlik 2 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Ushbu loyihalarni oʻz vaqtida boshlash maqsadida “Al-Rowad” (10 million dollar) va “BN Shaker” (5 million dollar) kompaniyalari bilan oʻzaro anglashinuv memorandumi imzolashga erishildi.

    Shuningdek,bugungi kunda, “Al-Rowad”, “ARC Shoes”, “Piel Color”, “Zanoon Tannery”, “Naser Hussien Tannery” va “Hawk Tannery” kompaniyalariga Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan jami qiymati 3,2 million dollarlik charm mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.

    Afrika davlatlari orasida eng yirik savdo bozori hamda savdo-iqtisodiy koʻprik vazifasini oʻtovchi Misr Oʻzbekiston bilan aynan charm-poyabzal va moʻynachilik tarmogʻida manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish hamda oʻzaro qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishga katta qiziqish bildiryapti, deb xabar beradi «Oʻzcharmsanoat» uyushmasi matbuot xizmati.