Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Muzokaralar davomida ikki mamlakat oʻrtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy dori vositalari ishlab chiqarish texnologiyalarini transfer qilish va ularni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar hamkorlikning birinchi bosqichi sifatida Oʻzbekiston bozori uchun gepatit C virusiga qarshi “Daclatasvir” va “Sofosbuvir” preparatlarini ishlab chiqarishni boshlashga kelishib oldi. Loyiha doirasida ishlab chiqarish texnologiyalarini bosqichma-bosqich Oʻzbekistonga oʻtkazish, misrlik mutaxassislarni jalb qilish, mahalliy kadrlarni tayyorlash hamda ishlab chiqarish quvvatlarini moslashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, uchrashuvda mingdan ortiq turdagi dori vositalarini mahalliylashtirish imkoniyatlari va Oʻzbekistonda insulin ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish istiqbollari ham koʻrib chiqildi.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, bunday hamkorlik milliy farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, importga qaramlikni kamaytirish va ikki davlat oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, loyihalar aholini sifatli va hamyonbop dori vositalari bilan taʼminlash hamda Oʻzbekistonning mintaqaviy farmatsevtika markaziga aylanishi yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi.