Tadbir avvalida Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi qaroriga binoan, joriy yil 24-oktyabr sanasi Oʻzbekiston Prezidenti saylovi kuni, deb belgilangani va 23-iyuldan saylov kampaniyasi boshlangani maʼlum qilindi.

Yurtimizda Prezident saylovi yangilangan milliy saylov qonunchiligi, umum eʼtirof etilgan xalqaro meʼyorlarga mos, demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora oʻtkazilishi taʼkidlandi.

2016-yil 4-dekabrdagi Prezident saylovidan buyon oʻtgan besh yil mobaynida Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, 2017-2021-yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, unga binoan yoshlar siyosatining amalga oshirilishi bilan bogʻliq atroflicha maʼlumotlar tadbir qatnashchilarining eʼtiboriga havola etildi. Shu oʻrinda jamiyat taraqqiyotida asosiy kuch sanalgan yoshlarni sogʻlom va barkamol etib tarbiyalashga qaratilgan vazifalarning natijadorligiga alohida urgʻu berildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga xizmat qiladigan Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur singari ulugʻ allomalar izdoshlarini tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishga katta eʼtibor berilmoqda. Maktabgacha taʼlim, oʻrta, oʻrta maxsus va oliy taʼlim tizimlarini tubdan islohot etish orqali har tomonlama yetuk mutaxassislarni tarbiyalash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

Ana shunday siyosatning amaliy natijasi oʻlaroq, 2021-yilda oʻzbek yoshlari xalqaro fan olimpiadalarida 4 ta oltin, 18 ta kumush va 29 ta bronza medallarini qoʻlga kiritishdi. Joriy yilda Prezident maktablarini tamomlagan 96 nafar oʻquvchilarning barchasi muddatidan oldin nufuzli xorijiy oliy oʻquv yurtlariga grant asosida oʻqishga qabul qilindi.

Yoshlarni oliy oʻquv yurtlari tizimiga koʻproq qamrab olish yuzasidan Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasalarining soni 127 taga yetkazildi, 26 ta xorijiy universitetning filiallari ochildi.

2021-yildan eʼtiboran yoshlar orasida bandlikni taʼminlash boʻyicha ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq summasini byudjetdan toʻliq qaytarib berilishi tartibi joriy qilindi. Bundan tashqari, 92 mingdan ziyod oʻgʻil-qizlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 2 trillion soʻmdan ortiq imtiyozli kreditlar ajratildi.

Brifingda, shuningdek, Misrda tahsil olayotgan vatandoshlarga Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, yoshlarning diniy taʼlim olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar ham taqdim etildi.

Shu oʻrinda 2021-yil 5-iyulda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingani alohida qayd etildi.

Mazkur qonun asosida diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish bilan bogʻliq tartib soddalashtirilgani, diniy taʼlimning professional maqomi rasman eʼtirof etilgani, jamoat joylarida ibodat libosida yurishga taqiqning olib tashlangani vatandoshlarimizda katta qiziqish uygʻotdi, deya xabar bermoqda Dunyo AA.