Mamlakatimiz mavzusini qamrab olgan xabar-maqolalarda yaqinda qabul qilingan “2022-2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirishning strategiyasi”ga alohida urgʻu berilmoqda.
Xususan, Misrdagi yetakchi nashrlardan biri hisoblanadigan “al-Ahrom” gazetasi sahifasida chop etilgan “Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulot hajmini kelgusi besh yilda 100 milliard dollarga yetkazishga intilmoqda” sarlavhali maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oʻtkazilgan yigʻilishda 2022-2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirishning strategiyasi va uni joriy yilda amalga oshirish mavzusi muhokama qilingani tafsilotlari atroflicha qalamga olingan.
Maqolada mamlakatimiz ilm-fan, sunʼiy intellekt, qishloq xoʻjaligiga bozor mexanizmlarini joriy qilish, fermerlarning daromadlarini ikki barobarga koʻpaytirish, qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni izchil amalga oshirayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, nashr mamlakatimiz hukumati 2022-2026-yillarda mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga 120 milliard dollar hajmida investitsiya jalb qilishni, uning 70 milliard dollari xorijiy sarmoyalar boʻlishi, 1,2 million oʻquvchiga moʻljallangan yangi maktablar qurish, maktabgacha taʼlim muassasalarini 80 foizga koʻpaytirish hamda oliy oʻquv yurtlarining xalqaro reytingini oshirishga erishish, xususiy sherikchilik asosida 100 ming talaba uchun zamonaviy, barcha qulayliklarga ega boʻlgan yangi kampuslar bunyod etish kabi ulkan loyihalar belgilangani misrlik oʻquvchilarning eʼtiboriga havola qilingan.
Misrda chop etiladigan yana bir matbaa nashri - “al-Axbor al-Yaum” gazetasida esa “Oʻzbekiston 2022-yilda 80 dan ziyod xalqaro tadbir oʻtkazishni rejalashtirdi” sarlavhali tahliliy maqola bosilib chiqdi.
Unda 2022-yilda Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida Oʻzbekiston joriy yil davomida 80 dan ortiq turli xalqaro tadbir oʻtkazishni rejalashtirgani, SHHTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida savdo aylanmasini oshirish, ayniqsa, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratishi qayd etilgan.
Shuningdek, mazkur gazeta sahifasida chop etilgan yana bir maqola “Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan buyon Oʻzbekistonda bozor iqtisodiyoti tez surʼatlarda rivojlanmoqda” deb nomlangan. Unda soʻnggi besh yil mobaynida mamlakatda tub iqtisodiy islohotlar amalga oshirilayotgani, iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarning jalb etilishi nisbati bir necha barobarga koʻpaygani, koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratilgani oʻz ifodasini topgan.
“Ilgari Oʻzbekiston iqtisodiyoti, asosan, tabiiy gaz, oltin, paxta xom-ashyosini eksport qilishga ixtisoslashgan boʻlsa, hozirgi kunga kelib Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ushbu boyliklarni qayta ishlash va qoʻshimcha qiymat qoʻshilgan tayyor mahsulot sotishga ixtisoslashgan zamonaviy sanoat va qishloq xoʻjaligi klasterlarini barpo qilishga ustuvor darajada eʼtibor qaratilmoqda”,- deb yozadi “al-Axbor al-Yaum” gazetasi.