Misr Oʻzbekistonga S gepatitiga qarshi qoʻllanadigan dorilarining navbatdagi qismini joʻnatdi

    Xalqaro hamkorlik 21 Avgust 2023 1432

    Misr hukumati tomonidan mamlakatimiz uchun insonparvarlik yordami tariqasida ajratilgan S gepatitiga qarshi “Daklatasvir” dori vositasining navbatdagi turkumi 19-avgust kuni Toshkentga joʻnatildi.

    Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

    Ushbu dori vositalari shanba kuni “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi orqali Sharm ash-Shayxdan Toshkentga yetkazib berildi. Jami 80 qutidan iborat 1280 dona “Daklatasvir-60mg” dori vositalari Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi virusologiya ilmiy-tadqiqot markazida davolanayotgan bemorlarga tarqatiladi.

    Shu oʻrinda Misr gepatit “B” va “S” viruslariga qarshi kurashda sezilarli yutuqlarga erishganini qayd etish joiz. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Misr aholisi ushbu kasallikdan butunlay xoli va misrlik olimlar oʻz tajribalarini oʻzbekistonlik mutaxassislar bilan boʻlishishga tayyor.

    Oʻzbekiston elchixonasi Misr sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotiga tayanib xabar qilishicha, joriy yilning 5-8-sentyabr kunlari Qohirada oʻtkaziladigan “Aholi, salomatlik va rivojlanish boʻyicha global kongress”da Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ishtirok etishi kutilmoqda. Ushbu tashrif doirasida oʻzaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilinadi.