Misr qirg'oqlari yaqinida Afrodita ibodatxonasi topildi

    Misr va Fransiya arxeologlari tomonidan Iskandariya qirg'oqlari yaqinida – suv ostida qadimgi yunon ma'budasi Afrodita ibodatxonasi topildi.

    Ibodatxona Abu-Qir ko'rfazida suv ositida qolib ketgan qadimiy Geraklion shahri mavjud bo'lgan hududda – suv ostida olib borilgan qazishmalar paytida topilgan. U miloddan avvalgi V asrga oid, deb xabar berdi Misr turizm va qadimiy ashyolar vazirligi. Qayd etilishicha, ibodatxona ichidan Gretsiyadan olib kelingan bronza va sopol buyumlar topilgan.

    Geraklion miloddan avvalgi VIII asrda bunyod etilgan va miloddan avvalgi 331-yilda Iskandariya qurilishigacha Qadimgi Misrning eng yirik savdo markazi va porti bo'lib kelgan. Shahar taxminan 1200 yil oldin suv ostida qolib ketgan, uning xarobalari 45 metrgacha turli xil chuqurliklarda joylashgan. 2000-yilda arxeologlar tomonidan kashf etilganidan buyon Geraklion suv osti muzeyi hisoblanadi, deb xabar beradi mir24.tv.