Misrda boʻlish qoidalarini buzgani sababli 5 nafar oʻzbekistonlik ushlab turilgani aniqlandi, deb xabar bermoqda Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasi.
Qayd etilishicha, soʻnggi kunlarda Misr Arab Respublikasida boʻlib turgan xorijiy fuqarolarga, xususan, taʼlim olish maqsadida kelgan shaxslarga nisbatan mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mamlakatda boʻlish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan faol tekshiruv tadbirlari olib borilmoqda.
Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasi vakillari tomonidan Qohira shahrining Nasr Citi hududida joylashgan masʼul politsiya boʻlimlariga qoʻshimcha tashriflar va muloqotlar amalga oshirildi. 13-may holatiga koʻra, boshqa xorijiy fuqarolar qatori, 5 nafar Oʻzbekiston fuqarosi ham Misrda boʻlish qoidalarini buzgani sababli ushlab turilgani maʼlum qilindi.
Shuningdek, 1 nafar fuqaroning tegishli hujjatlari taqdim etilgach, vaqtinchalik saqlash markazidan ozod etildi. Qolgan fuqarolar holati boʻyicha esa mahalliy qonunchilik doirasida belgilangan tartibda huquqiy baho berilishi va qaror qabul qilinishi kutilmoqda.
Elchixona tomonidan Misr hududida boʻlib turgan fuqarolarga tezkor huquqiy yordam koʻrsatish maqsadida, bunday tekshiruv tadbirlari davomida ushlab turilgan shaxslar haqida darhol elchixonaga xabar berish tavsiya etildi.
Aloqa maʼlumotlari:
+20233364516, +20233361723
Telegram: @shtabegypt
Shu munosabat bilan vatandoshlardan Misrda boʻlish qoidalariga qatʼiy rioya qilish, mamlakatda harakatlanish davomida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, yashash uchun ruxsatnoma (iqoma) yoki talabalik guvohnomasini (universitet, institut va h.k.) doimo oʻzlari bilan olib yurish soʻraldi.