ZOOM dasturi orqali oʻtkazilgan taqdimotda 80 dan ortiq soha olimlari, tadqiqotchilar, oʻqituvchi va talabalar ishtirok etishdi.

Dastlab muallif Mirodil Haydarov kitobning ahamiyati va undagi nikoh va taloq masalalari hanafiylik mazhabidagi eng muʼtabar kitoblardan biri Burhoniddin Margʻiloniyning “Al-Hidoya” asari va Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksidagi tegishli moddalarning qiyosiy tahlili arab tilida ilmiy asosda tadqiq etilganini taʼkidladi. Shuningdek, nikoh va taloqqa oid zamonaviy masalalarda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi fatvolaridan keng foydalanib, mavzuning hozirgi kunimizdagi ahamiyatini ochib berdi.

Taqdimotda shuningdek, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov va boshqalar mazkur kitobning oilani mustahkamlash va nikohga boʻlgan munosabatni tubdan oʻzgartirishga xizmat qilishini taʼkidlab, zarur oʻrinlarda oʻz takliflarini bildirdilar. 

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, Misr Arab Respublikasining “Maktabat Al-Azhariyya lit-turos” nashriyotida arab tilida chop etilgan ushbu kitob mutaxassislar tomonidan ham katta qiziqishga sabab boʻldi. Jumladan, mazkur asar Shayx Muhammad Tavfiq Ramazon al-Butiy, Damashq universiteti professori doktor Badiʼ Sayyid al-Lahham, Shayx Ismoil Bulbul hamda yurtimizdagi qator islomshunos olimlar tomonidan eʼtirof etildi.