Oʻzbekiston elchixonasi maʼlumotiga koʻra, uchrashuv chogʻida Misrda oʻzbek kompaniyalari mahsulotlarining distribyutorlik markazi va savdo uyini ochish boʻyicha bitimni imzolandi.
Ushbu bitim Oʻzbekiston Savdo sanoat palatasi va Misrning “Al-Nasr eksport-import” kompaniyasi rahbarlari tomonidan imzolandi.
Kelishuv Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarini yanada mustahkamlash hamda ishbilarmonlar hamkorligini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Misr oʻrtasida oʻzbek tovarlari uchun bir yoki bir nechta savdo uylarini ochish, Misrda har ikki tomon uchun maqbul boʻlgan shartlarda distribyutorlik markazi va ishlab chiqarish kooperatsiyasini tashkil etish orqali oʻzaro savdoni rivojlantirish boʻyicha kelishib olindi.
Bundan tashqari, tomonlar oʻrtasida mazkur kelishuvni faol ilgari surish boʻyicha ishchi guruh tuzildi.
Qayd etish joizki, ushbu savdo va distribyutorlik markazlari orqali Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlariga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilish rejalashtirilyapti.
Onlayn muzokaralar yakunida, Oʻzbekiston Savdo sanoat palatasi delegatsiyasining Misrga tashrif buyurishini tashkil etish va Port Said erkin iqtisodiy zonasida mamlakatimiz kompaniyalari uchun alohida hudud ajratish boʻyicha ahdlashib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.