Misrdan Oʻzbekistonga C gepatitiga qarshi dorilarning ikkinchi partiyasi olib kelindi

    Salomatlik 9 Iyun 2025 1264

    Mamlakatimiz elchixonasi va Misr Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻrtasida boʻlib oʻtgan muzokaralar natijasi ushbu mamlakat hukumati tomonidan Oʻzbekistonga insonparvarlik yordami sifatida ajratilgan “S“ gepatitiga qarshi dori vositalarining joriy yildagi ikkinchi partiyasi yurtimizga olib kelindi.

    “Dunyo“ AAning xabar berishicha, Misr tomoni umumiy qiymati 114.829 AQSH dollari boʻlgan 28 dona qutida 7440 dona “S“ gepatitiga qarshi begʻaraz “Sofosbuvir-400mg” dori vositasining 2025-yildagi ikkinchi partiyasini taqdim etdi.

    7-iyun kuni “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan insonparvarlik koʻmagi sifatida ajratilgan “S“ gepatitiga qarshi vositalarini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga yetkazib berdi.

    Ushbu dori vositalari Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlanadi.

    Oʻzbekiston elchixonasi maʼlumotiga koʻra, 2023-2024-yillarda Misr hukumati tomonidan mamlakatimizga “S“ gepatitiga qarshi kurashish uchun umumiy vazni 12,4 tonna boʻlgan “Daclatasvir” va “Sofosbuvir” dori vositalari 27 partiyada insonparvarlik koʻmagi sifatida berilgan.

    Mazkur dori vositalarining umumiy qiymati 1,4 million AQSH dollariga teng.