Qayd etish lozimki, mazkur tashrifni tashkil etishdan maqsad - hozirgi kunda Misrda taʼlim olayotgan voyaga yetmagan shaxslarning oʻqish va yashash shart-sharoitlari oʻrganish hamda inson, jumladan bolalar huquqlarining kafolatlanishi boʻyicha Misr parlamenti va tegishli davlat idoralari bilan ishlash boʻyicha hamkorlik aloqalarini mustahkamlash edi.
Mazkur tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi Elchixonasida musofirchilikda yashayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi. Uchrashuv davomida ularning turmush tarzi, yashash sharoitlari, bola huquqlarining taʼminlanishi bilan bogʻliq masalalarni oʻrgandi hamda berilgan savollarga javob berdi.
Shuningdek tashrif doirasida Bola huquqlari boʻyicha vakil boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Misr Senati Inson huquqlari qoʻmitasi raisi Muhammad Ahmad Abdusalom Haybat, Misr Arab Respublikasi Taʼlim va tarbiya vaziri oʻrinbosari Rido Hijoziy, Vakillar palatasining Ijtimoiy birdamlik qoʻmitasi Raisi, Oʻzbekistonning Misrdagi turizm elchisi Abdulxodiy al-Qasbiy va Misr Vakillari kengashidagi Inson huquqlari qoʻmitasi Raisi Toriq Rizvon, «Al-Azhar» majmuasi shayxining xorijiy talabalar masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Muhammad ad-Duvayniy, Misr Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari va vakillari bilan uchrashib, Oʻzbekistonda bola huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilgan islohotlar haqida maʼlumot berildi.
Muloqot davomida ham musofirchilikda kun koʻrayotgan insonlar huquqlarini taʼminlash, ularga taʼlim olish va mehnat qilishlari uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish borasida hamkorlikda amalga oshirishlari mumkin boʻlgan masalalar boʻyicha fikr almashildi. Shu bilan birga, Bola huquqlari boʻyicha vakil hamyurtlarimiz tomonidan koʻtarilgan masalalar va takliflarni Misrdagi mutasaddi vakillarga yetkazib, bu boradagi oʻz fikr-mulohazalarini ham bildirdi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.