Misrning “Al-Azhar” majmuasidan Oʻzbekistonga oid qoʻlyozma va nodir nashrlarning raqamli maʻlumotlar bazasi olindi

    Misrning "Al-Azhar" diniy majmuasi arxiv va kutubxona fondidan O'zbekiston tarixiga oid qo'lyozma va nodir nashrlarning yangi raqamli ma'lumotlar bazasi olindi.

    "Al-Azhar" diniy majmuasi qoshidagi Islom tadqiqotlari akademiyasi (ITA) Bosh kotibi Nazir Muhammad Ayyod tomonidan ushbu majmua kutubxonalarida saqlanayotgan jami 49 ming 361 qo'lyozma adabiyot ro'yxati keltirilgan 28 kitobdan iborat yangilangan jamlanma hamda aynan shu noyob nashrlar bo'yicha tafsilotlarni o'z ichida olgan 50 GB hajmidagi elektron fayllar 8 ta CD-diskda tegishli dasturiy ta'minot ilovasi bilan birga taqdim etildi.

    Ushbu dasturiy ta'minot ilovasida O'zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi O'zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi tomonidan yaratilgan "O'zbekistonga oid xorijdagi qo'lyozma asarlar reestri"dan o'rin olgan va hozirda "Al-Azhar" universiteti markaziy kutubxonasida saqlanayotgan quyidagi asarlar mavjud:

    -Alouddin Usmandiy Samarqandiy, sharh “Uyun al-Masail”, inv. № (1980) 26819;

    -Imom al-Buxoriy, “Al-Adab al-Mufrad”, inv. № (466) 3778;

    -Imom al-Buxoriy, “Al-Jome' as-Sahih”, inv. № 197;

    -Imom al-Buxoriy, “Az-Zu'afa as-Sag'ir”, inv. № 446;

    -Imom al-Buxoriy, “At-Tarix al-Kabir”, inv. № 681;

    -Imom al-Buxoriy, “Xayr al-Kalom fi al-Qiroat xalf al-Imom”, inv. № (2032) 22407;

    -Imom al-Buxoriy, “Xalq af'al al-Ibod”, inv. № (2895) 36424.

    Nazir Muhammad Ayyod O'zbekiston tomoni bilan hamkorlik darajasini yuqori baholashini qayd etar ekan, ushbu to'plamlar Respublika Mustaqilligining 31 yilligi hamda O'zbekiston va Misr o'rtasidagi diplomatiya aloqalari o'rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan taqdim etilayotganini alohida ta'kidladi.

    "O'zbekistonga oid xorijdagi qo'lyozma asarlar reestrini" yangilash va to'liq ma'lumotlar bilan boyitish maqsadida ushbu manbalar ichida o'zbek allomalari qalamiga mansub qo'shimcha qo'lyozma asarlarni aniqlash, to'plangan materiallarni rasmiy nashrlarda chop etish va ilm ahliga etkazish, qo'shma tadqiqotlar o'tkazish, shuningdek, Misrda saqlanayotgan mamlakatimiz tarixi va ajdodlarimizga oid adabiyotlar nusxalarini ko'chirish ishlari davom etmoqda.