Miyaning tez qarishi sababi aniqlandi

    Hatto yog'li ovqatlarni qisqa muddat davomida iste'mol qilish ham miya yallig'lanishiga va keksa odamlarda xotiraning buzishi olib kelishi mumkin.

    Yog' miqdori ko'p mahsulotlar iste'moliga asoslangan atigi uch kunlik parhez vazn ortishi yoki boshqa metabolik o'zgarishlarsiz kognitiv buzilishlarga olib keladi, deya xabar beradi ScienceDaily.

    Ogayo shtati universiteti olimlari yog'li parhezning organizmga qanday ta'sir qilishini o'rganishdi. Ular yosh va kattaroq kalamushlar guruhlarini tarkibi 60 foiz yog' bo'lgan mahsulotlar bilan oziqlantirishdi – bunday miqdor taxminan tez tayyorlanadigan burgerdagi yog' miqdoriga teng. Hayvonlar uch kun yoki uch oy davomida ana shunday mahsulotlar bilan oziqlandi.

    Kutilganidek, uch oydan so'ng barcha kalamushlarda metabolik muammolar, ichak yallig'lanishi va mikroflora tarkibidagi o'zgarishlar paydo bo'ldi. Biroq, eng kutilmagan holat keksa hayvonlarning miyasida sodir bo'ldi. Tajribaning uchinchi kunida ularning xotirasi va kognitiv funktsiyalari yomonlasha boshladi.

    Miya tahlili shuni ko'rsatdiki, yog'li ovqatlar yallig'lanishni keltirib chiqaradi va nerv hujayralarining faoliyatini buzadi. Xotira bir vaqtning o'zida ikkita sohada ta'sirga uchradi: gippokampda va amigdalada. Yosh kalamushlar bunday muammolarga duch kelishmadi – ularning organizmi yallig'lanishni yaxshiroq yengib o'ta oldi.

    Tadqiqot natijalari qarigan sari to'g'ri ovqatlanish muhimligini ko'rsatadi. Endi olimlar yog'li ovqatlarning miyaga zararini maxsus dori vositalari yoki parhez yordamida kamaytirish imkoniyatlarini o'rganishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi lenta.ru.