Brifingda “Oʻzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi direktori Bobur Tillaboyev ushbu tizimni joriy etishdan maqsad, mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi haqida maʼlumot berdi hamda soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelayotgan fikr-mulohazalarga oʻz munosabatini bildirdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda mobil qurilmalar IMEI kodlarini roʻyxatga olish tizimi joriy etilgan. Bu tizim dunyoning koʻp mamlakatlarida amaliyotda qoʻllanib kelinmoqda. Ushbu tizimni joriy etishdan maqsad, isteʼmolchilar huquqini himoya qilish, respublikamizga sifatsiz mobil qurilmalarning kirib kelishi hamda uning noquqniy savdosining oldini olishdir.
«Jismoniy shaxslar mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun pasport maʼlumotlari, telefon raqami va mobil qurilmaning IMEI-kodini taqdim etishlari talab qilinadi.
Roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim qilinayotgan mobil qurilmalarning Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan oʻrnatilgan bojsiz olib kirish normalariga rioya etilganligini tekshirish maqsadida shaxsning pasport maʼlumotlariga asosan fuqaroning Oʻzbekiston Respublikasi chegarasini kesib oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tekshiriladi.
Shu maqsadda tizim operatori Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashinuvini yoʻlga qoʻygan. Biroq, roʻyxatdan oʻtkazish masofaviy yoki onlayn tarzda amalga oshirilayotganida roʻyxatdan oʻtkazuvchi shaxs bilan tizim operatori oʻrtasida bevosita kontakt boʻlmasligi sababli fuqarolarning pasport maʼlumotlarini aynan shu shaxsning oʻzi yoki boshqa shaxs tomonidan taqdim qilinayotganligini tizim orqali aniqlash imkoni boʻlmaydi. Shu sababli hozirda uchinchi shaxslarning pasport maʼlumotlaridan foydalangan holda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish hollari kuzatilmoqda», — taʼkidladi Bobur Tillaboyev.
Uning qayd etishicha, Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi IMEI kodlarni ayrim shaxslar tomonidan noqonuniy roʻyxatdan oʻtkazishga urinish singari holatlarga vakolatli organlar bilan hamkorlikda tegishli choralar olib borilmoqda va bu uzluksiz davom ettiriladi.
“Shu oʻrinda fuqarolarimizdan respublika hududidan mobil qurilmalarni xarid qilish vaqtida, mobil qurilmaning IMEI-kodlari roʻyxatdan oʻtganligini tekshirib olishingizni soʻrab qolardik. Tekshirishni 1170 qisqa raqamiga IMEI-kodni SMS orqali joʻnatish yoki uzimei.uz sayti orqali tekshirib olishingiz mumkin”, — deydi Bobur Tillaboyev.